
Amirliklar Afrikada AQSH va Xitoyni ortda qoldirmoqda
29.05.2025 | 19:209352
So‘nggi yillarda Birlashgan Arab Amirliklari Afrikadagi investitsiyalari bilan AQSH va Xitoy kabi superdavlatlarni ortda qoldirmoqda. 2019 yildan buyon BAA Afrikada 110 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirgan bo‘lib, bu har qanday boshqa davlatdan ko‘proqdir.

2022–2023 yillarda BAA Afrikaga 97 mlrd dollar sarmoya kiritgan, bu Xitoyning shu davrdagi investitsiyalaridan uch barobar ko‘pdir. AQSH esa 2023 yilda Afrikada faqat 10 mlrd dollarlik investitsiya amalga oshirgan.
BAAning AMEA Power kompaniyasi Marokash, Senegal, Janubiy Afrika Respublikasi, Burkina-Faso, Jibuti, Misr, Keniya, Kot-d’Ivuar, Togo, Tunis, Uganda va Efiopiyada yashil energetika loyihalarini amalga oshirmoqda. DP World esa Afrika portlari va erkin iqtisodiy zonalariga milliardlab dollar sarmoya kiritgan.
2024 yilda BAAning International Holding Company Zambiyadagi Mopani mis konlarining 51 foiz ulushini 1 mlrd dollardan ortiqqa sotib olgan. Shuningdek, BAA Misrdagi Ras-el-Xekma shahrini rivojlantirish uchun 35 mlrd dollarlik loyihani boshlagan.
AQSH va Xitoyning Afrikadagi ta’siri pasayib borayotgan bir paytda BAA o‘zining iqtisodiy va siyosiy ta’sirini kengaytirmoqda. Bu holat global siyosiy va iqtisodiy muvozanatda yangi tendensiyalarni ko‘rsatmoqda .





