
Anadolu Isuzu kompaniyasi SamAuto ulushining 75,2 foizini sotib olmoqda
Anadolu Isuzu O‘zbekistondagi SamAuto kompaniyasi ulushining 75,2 foizini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Kompaniya rahbari Tug‘rul Arikan xalqaro bozordagi proteksionizm va yangi strategiyalar haqida muhokamali fikrlar bildirdi.

Yaponiyaning Isuzu va Itochu hamkorligidagi SamAuto kompaniyasidagi 75,2 foiz ulushni sotib olish bo‘yicha Anadolu Isuzu 2025 yil 30 sentyabr kuni taqdim etgan taklif rasman qabul qilindi. Mazkur bitim Turkiyaning yirik tijorat transport vositalari ishlab chiqaruvchisi uchun Markaziy Osiyodagi eng katta sarmoyaviy qadamlardan biri bo‘ldi, deb yozmoqda Turkiyaning Cumhuriyet nashri.
Samarqanddagi zavod 1999 yildan buyon avtobuslar, yuk avtomobillari, pikap va maxsus texnikalar ishlab chiqaradi. O‘tkazilgan kelishuvdan keyin Anadolu Isuzu ayrim modellarni SamAuto mahsulot turkumiga qo‘shish, shuningdek, o‘zining bir qator yangi modellarini ham Samarqandda yig‘ishni rejalashtirmoqda.
Istanbuldagi matbuot anjumanida kompaniya bosh direktori Tug‘rul Arikan bu sarmoyani «Turkiya muhandisligi va sanoati salohiyatini jahon miqyosida namoyon etadigan muhim qadam» o‘laroq ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatini oshirish orqali kompaniya ko‘plab yangi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Arikan xalqaro iqtisodiy muhitda proteksionizm kuchayib borayotganini ta’kidladi:
«Bugun dunyoda muvaffaqiyat qozonish uchun mahsulot turlarini kengaytirish zarur. Avval yurtimizda yuk avtomobillari va pikaplar bilan boshladik, keyin avtobus ishlab chiqarib ichki bozorga chiqdik. Keyin eksportni kengaytirdik — hozir 45 mamlakatga yetkazib borayapmiz. Lekin bu ham yetarli emas. Hamma yerda boj stavkalari muhokama qilinyapti», dedi u.
Uning ta’kidlashicha, Anadolu guruhi allaqachon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada Cola hamda Efes yo‘nalishlari orqali faol ekan. O‘zbekistondagi xususiylashtirish jarayonlari va mahalliy ishlab chiqarish infratuzilmasi esa kompaniya uchun katta imkoniyat yaratgan.
«Biz bu yerda ancha yildan beri faolmiz — 4 ta fabrikamiz bor, bozorni yaxshi bilamiz. Shuning uchun O‘zbekistonga kirish qarori biz uchun tabiiy qadam bo‘ldi», — dedi Arikan.
Hozir SamAuto gaz va dizel yonilg‘isida harakatlanuvchi turli yuk avtomobillari, 8,5–9 metrli avtobuslar hamda Isuzu brendi ostidagi pikaplar ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlar Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarboyjon, Tojikiston va Turkmaniston bozorlariga eksport qilinadi.
Arikanning so‘zlariga ko‘ra, hududda ayniqsa uzunroq va gazda harakatlanuvchi avtobuslarga talab katta. Kompaniya bu yo‘nalishda ham, yengil tijorat va yuk transport vositalari bo‘yicha ham yangi texnologiyalar kiritish niyatida.





