
Andijon va Surxondaryoda soliq inspektorlari pora bilan ushlandi
10.07.2025 | 10:2024273
Ikki hududdagi soliq boshqarmalari xodimlari tadbirkorlarni soliq tekshiruvlari bilan qo‘rqitgan va katta miqdorda pora talab qilgan.

DXXning xabar berishicha, Andijon va Surxondaryo viloyatlaridagi soliq boshqarmalarining bosh inspektorlari mansab vakolatlarini suiste’mol qilganlikda ayblanmoqda. Ulardan har biri tadbirkorlarni noqonuniy soliq tekshiruvi bilan tahdid qilib, pul talab qilgan.
Andijondagi holatda, Soliq boshqarmasining Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh inspektori Oltinko‘l tumanidagi MCHJ faoliyatini tekshirishni bahona qilib, 3000 AQSH dollari talab qilgan. U avval 500 dollar olgan va qolgan 2500 dollarni olayotgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Surxondaryo viloyatida esa Soliq organlari faoliyati ustidan nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Jarqo‘rg‘ondagi mototsikllar va ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJga nisbatan shunga o‘xshash ssenariyni amalga oshirgan. U ham tekshiruvni bekor qilish evaziga 2500 dollar olgan paytda ushlangan.
Har ikki holatda ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va gumondorlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.





