add

Andijonda 30 ming dollar pora bilan ushlangan sudya ozodlikdan mahrum etildi

Bugun 10:453222

Xonobod sudi raisi may oyida 30 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan edi. Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan unga hukm o‘qilgani malum bo‘ldi.

Andijonda 30 ming dollar pora bilan ushlangan sudya ozodlikdan mahrum etildi

Oliy sud Plenumining majlisida jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisi Yu.E.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish va uni qamoqqa olish masalasi ko‘rib chiqilgan edi. Oliy sud axborot xizmatining 12-maydagi xabariga ko‘ra, o‘shanda Bosh prokuror tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida sud Plenumi sudya Yu.E.ga nisbatan jioyat ishi qo‘zg‘atish va uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik bergan. Taqdimnomada Yu.E. pora olish va jinoiy ta’sir ko‘rsatishga uringanlikda ayblanayotgani bayon etilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yu.E. avvalgi sud qarorini yengillashtirib berishni va’da qilgan holda, sudlangan shaxsning onasidan 30 000 AQSH dollari miqdordagi pulni olgan. U mazkur pulni olayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda qo‘lga olingan.

Qamoqqa olingan sudyaga 17-oktabr kuni hukm o‘qilgani ma’lum bo‘ldi. Oliy sud axborot xizmati bu haqda hukmdan qariyb 25 kun o‘tgach xabar bermoqda.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidovning xabar berishicha, Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2025 yil 17-oktabr kuni e’lon qilingan hukmda, 1974 yilda Andijonda tug‘ilgan sudya Yu.E. aybdor deb topilgan va unga 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, Yu.E. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25-, 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 25-, 211-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda aybdor deb topilgan. Bu moddalar qasddan pora olish va jinoiy faoliyatga ko‘maklashish holatlarini qamrab oladi.

Shuningdek, u 2,5 yil muddatga mansab lavozimlarida faoliyat yuritish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Birinchi instansiya qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda Oliy sudning sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi saqlanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Andijonda 30 ming dollar pora bilan ushlangan sudya ozodlikdan mahrum etildi | Vaqt.uz