
Anneksiya qilingan Qrimda Telegram va WhatsApp’ning ishlashi cheklandi
Roskomnadzor cheklovlarni butun mamlakat bo‘ylab joriy etishi mumkin. Telegram va WhatsApp’ning Rossiyadagi faolligi ikki baravarga kamaygan.

Roskomnadzor Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimda Telegram va WhatsApp messenjerlarini to‘sishni boshladi. Bu haqda mintaqaviy operatorlardan biri «RIA Novosti» agentligiga xabar berdi.
Cheklovlar Rossiyaning barcha operatorlari va provayderlari mijozlariga tatbiq etilishi aniqlangan.
«Qrim Axborot vazirligi aholiga asosiy ommaviy axborot vositalari kanallari va davlat sahifalari allaqachon mavjud bo‘lgan Max messenjerini yuklab olishni tavsiya etmoqda», - deya qo‘shimcha qildi kompaniya.
22 oktyabr kuni Roskomnadzor fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlari asosida jinoyatchilarga qarshi kurashish maqsadida Rossiyada WhatsApp va Telegram faoliyatini cheklashni boshlaganini rasman e’lon qildi.
Dastlab mamlakat janubida: Pyatigorsk, Maxachkala, Astraxan, Sochi, Rostov-Don va boshqa shaharlar aholisi uchun kirish muammolari paydo bo‘ldi. Keyinchalik xuddi shunday shikoyatlar Ural, Uzoq Sharq va Sibir foydalanuvchilaridan ham kelib tushdi. «Na svyazi» loyihasi hisoblariga ko‘ra, messenjerlarning to‘sib qo‘yilishi Rossiyaning kamida 34 ta mintaqasiga ta’sir ko‘rsatgan.
13 avgust kuni Roskomnadzor butun mamlakat bo‘ylab Telegram va WhatsApp’dagi ovozli qo‘ng‘iroqlarni blokladi. Idora bu messenjerlar firibgarlar tomonidan rossiyaliklarni aldash va qo‘poruvchilik hamda terrorchilik faoliyatiga jalb etish uchun asosiy platformalar sifatida foydalanilayotganini bildirdi.
Vazirlik, xizmatlar rahbariyati Rossiya hokimiyatining hamkorlik bo‘yicha ko‘p marotaba qilgan murojaatlarini e’tiborsiz qoldirganini qo‘shimcha qildi.
Telegram va WhatsApp Rossiyadagi eng ommabop messenjerlar hisoblanadi. Ularning auditoriyasi mos ravishda 100 va 90 million foydalanuvchini tashkil etadi. «Dojd» nashrining telekommunikatsiya sohasidagi manbasi xabar berishicha, Rossiya hokimiyati Sankt-Peterburglik Pavlov Durov tomonidan yaratilgan Telegramni Yangi yilgacha butunlay bloklashi mumkin.
«Internetni himoya qilish jamiyati» rahbari Mixail Klimarev ta’kidlashicha, Telegram va WhatsApp bilan «Youtube bilan bo‘lgan voqealar aynan takrorlanmoqda». U, shuningdek, Telegram dekabr-yanvar oylarida bloklanishini bashorat qilgan. Klimarevning baholashicha, ikkala messenjerning Rossiya bo‘ylab mavjudligi taxminan ikki baravar pasaygan.





