
Anomal issiq inson tanasi uchun qanchalik xavfli?
02.07.2025 | 14:0018305
Kaliforniya universiteti olimlari ekstremal issiqlik inson organizmiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqladi.

Kaliforniya universiteti olimlari olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ekstremal issiqlik inson immun tizimi va ichak sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu holat ayniqsa yoshi katta insonlarda yaqqol kuzatiladi.
Tadqiqot davomida olimlar turli yoshdagi kalamushlar ustida tajriba o‘tkazgan. Eksperimentlarda yuqori haroratga duchor qilingan kalamushlarda, ayniqsa, yoshi kattalarda ichak to‘sig‘ining shikastlanishi, immun tizimining izdan chiqishi va antibiotiklarga chidamli bakteriyalar o‘sishi aniqlangan.
Tadqiqotchilar ilk bor issiqlik stressining ichak sog‘lig‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirini aniqladilar. Bunday holat xatarli infeksiyalarning yuzaga kelish ehtimolini oshiradi. Shu bilan birga, kalamushlarda probiotik Roseburia intestinalis yordamida immunitetni tiklash va infeksiya simptomlarini kamaytirish mumkinligi isbotlandi.
Olimlar global isish va kuchayib borayotgan issiqlik to‘lqinlari sharoitida ichak sog‘lig‘ini mustahkamlash muhim ekanini ta’kidlashdi. Ayniqsa, yoshi katta insonlar bunday xavfli ta’sirlardan ko‘proq jabr ko‘rishlari mumkin.
Shunday hollarda eng avvalo, bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar o‘z sog‘ligiga yanada e’tiborli bo‘lishlari zarur. Soat 10:00 dan 17:00 ga qadar soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Tashqariga chiqish lozim bo‘lsa, tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan bo‘lgan liboslar va engil bosh kiyim kiyish hamda quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish maqsadga muvofiq.
Issiq havoda kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish lozim. Biroq past haroratdagi salqin ichimliklarni ichishdan tiyilish kerak. Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste’mol qilmaslik zarur. Yog‘li, dudlangan taomlarni tanovul qilmaslik, aksincha, ko‘proq meva-sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
Avvalgi tadqiqotlarda ham issiqlik odamlarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va psixik xastaliklar sababli gospitalizatsiyalar soni ortishi aniqlangan edi. Yangi tadqiqot bu jarayon global isish bilan yanada kuchayishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.





