Anomal issiqda xodim ishlashni rad etishga haqlimi?
Davlat mehnat inspeksiyasi qanday holatlar xodimning bu paytda o‘z ishini to‘xtatish uchun avtomatik asos hisoblanishini eslatdi.
© RBKO‘zbekistonda shu kunlarda anomal issiq kuzatilmoqda. Agar anomal issiq paytida mehnat sharoiti xodimning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun real xavf tug‘dirsa, u ishlashni rad etishga haqli. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi eslatib o‘tdi.
Mehnat kodeksining 358-moddasiga ko‘ra, xodim ish beruvchini zudlik bilan xabardor qilishi, hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi holatlar bartaraf etilgunga qadar ishni bajarishni rad etishga haqli. Bunday davrda xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Ta’kidlanishicha, anomal issiqning o‘zi ishni to‘xtatish uchun avtomatik asos hisoblanmaydi. Bunday huquq faqat mehnat sharoiti xodimning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun real xavf tug‘dirgan taqdirda qo‘llaniladi.
Bunday xavf, jumladan, quyidagi holatlarda yuzaga kelishi mumkin:
ish joyidagi mikroiqlim va yuqori harorat sog‘liq uchun xavf tug‘dirganda;
xodim uzoq vaqt davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri ostida ishlayotgan bo‘lsa;
ish beruvchi ichimlik suvi, dam olish uchun soya yoki salqin joy, qo‘shimcha tanaffuslar hamda ish vaqtini moslashtirish kabi zarur choralarni ko‘rmagan bo‘lsa;
issiqlik urishi, suvsizlanish yoki yuqori harorat ta’sirida sog‘liq uchun boshqa jiddiy xavf yuzaga kelgan yoki kelishi ehtimoli mavjud bo‘lsa.
«Ish beruvchi xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishi va mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etishi shart», — deyilgan inspeksiya eslatmasida.
Shuningdek, o‘zbekistonliklardan mehnat huquqlari buzilgan taqdirda, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamiga murojaat qilish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga jaziramadan saqlanish bo‘yicha muhim tavsiyalar bergandi.





