
Anora Sodiqova MIB orqali «Mufasa»dan ma’naviy zarar pulini oldi
Mirsaid Haydarovdan Anora Sodiqova foydasiga 25 mln so‘m ma’naviy zarar hamda 5 mln 643 ming 500 so‘m miqdoridagi sud xarajatlari undirilgan.

Majburiy ijro byuurosi bloger Mirsaid Haydarovdan jurnalist Anora Sodiqovaga uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlagani uchun 25 million so‘m ma’naviy zarar undirib berdi.
MIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 18-dekabr kuni ijtimoiy tarmoq faoli M.Xaydarovdan undiruvchi jurnalist A.Sodiqova foydasiga ma’naviy zarar undirib berilmayotgani yuzasidan xabarlar tarqalgan.
19-dekabr kuni ijro ishi qo‘zg‘atilib, bloger Mirsaid Haydarovning mol-mulklariga qonuniy tartibda taqiq solingan. Qarzdorga majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun o‘n kunlik muddat berilib, aks holda majburiy undiruv choralari ko‘rilishi haqida rasmiy ogohlantirish berilgan.
26-dekabr kuni Mirsaid Haydarov belgilangan qarzdorlik — 30 million 643 ming 500 so‘mni to‘liq bartaraf etgan. Ushbu summaning 25 million so‘mi ma’naviy zarar sifatida, qolgan qismi esa sud xarajatlari uchun yo‘naltirilgan.
Sud jarayoni tarixi
Mazkur nizoli vaziyat joriy yilning may oyida sud bosqichiga chiqqan bo‘lib, dastlabki qaror jurnalistning zarariga chiqarilgan edi.
Joriy yilning 28-may kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi jurnalist Anora Sodiqovaning Mirsaid Haydarovga nisbatan sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi da’vosini ko‘rib chiqib, uni qanoatlantirishni rad etgandi. Biroq, jurnalist ushbu qarordan norozi bo‘lib, yuqori instansiyaga murojaat qildi va natijada adolat qaror topdi.
Shu yilning 21-iyul kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi quyi sudning qarorini bekor qildi va blogerning xatti-harakatlarida qonunbuzarlik mavjud deb topdi. Sud Mirsaid Haydarovga nafaqat ma’naviy zarar va sud xarajatlarini to‘lash, balki Anora Sodiqovadan rasman uzr so‘rash hamda ijtimoiy tarmoqlardagi barcha haqoratli postlarni o‘chirish majburiyatini yukladi.
«Ammo, hali uzr so‘ragani yo‘q», - dedi Anora Sodiqova Vaqt.uz muhbiri bilan suhbatda.





