
«Antikorrupsiya» muxbiri tovlamachilik va tuhmat uchun 4 yilga qamaldi
Marg‘ilon shahar sudi Elyor Tojiboyevni tovlamachilik, tuhmat va yolg‘on axborot tarqatishda aybdor deb topdi va jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
© Фото: TOJIBOYEV SHAXSIY SAHIFASIDAN Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining 2026 yil 20-yanvardagi hukmi bilan «Antikorrupsiya» onlayn nashri muxbiri bo‘lib Elyor Tojiboyev 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda Farg‘ona viloyati sudlari telegram kanali.
1990 yilda tug‘ilgan Elyor Tojiboyev Jinoyat kodeksining quyidagi moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan:
139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «g» bandi;
140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi
165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi;
219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi;
227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a» bandi;
2446-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 1-qismida.
Elyor Tojiboyevga Jinoyat kodeksining 59-, 61-moddalari tartibida 3 yil 10 oy, Jinoyat kodeksining 60-, 61-moddalariga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganligini bekor qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mahkum tayinlangan jazoni qattiq tartibli koloniyalarida o‘tashi belgilandi.
Muxbir avval ham sudlangan edi
Avval «Taftish.uz» nashri muxbiri bo‘lib ishlayotgan Elyor Tojiboyev 2021 yilning 3-noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi hukmi bilan 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. O‘sha yili u Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudi binosida o‘tayotgan sud majlisiga bostirib kirib, JIB Termiz tuman sudi raisi Odilbek Begimqulov raisligida o‘tayotgan sud majlisiga xalaqit qilgan edi.
JIB Qashqadaryo viloyat sudining sudya N.Abdullayev raisligida e’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, Elyor Tojiboyev Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash)ga asosan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo manzil-koloniyalarda o‘talishi belgilangan edi.





