
Antitsiklon ta’sirida havo ifloslanishi yana kuchayishi mumkin
Sovuq antitsiklon kirib kelishi atmosferada havo almashinuvini zaiflashtirib, ifloslantiruvchi zarrachalar to‘planishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston hududiga sovuq antitsiklon bosqichma-bosqich kirib kelishi kutilmoqda. Ushbu jarayon davrida atmosferada havo almashinuvi keskin zaiflashib, havo tarkibida ifloslovchi moddalar hamda mayda zarrachalar — PM2.5 va PM10 to‘planishi ehtimoli ortishi mumkin, deya xabar qildi «O‘zgidromet».
Ma’lum qilinishicha, antitsiklon ta’siri ilk kunlarda nisbatan sekin kechadi. Aynan shu davrda atmosferada to‘planib qolgan zararli moddalar tarqalmasdan saqlanib qolishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, ushbu holat kamida uch kun davomida saqlanib turishi ehtimoldan xoli emas.
Keyingi bosqichda antitsiklon ta’siri kuchayishi kutilmoqda. 16–17-yanvar kunlariga borib respublika bo‘ylab deyarli barcha hududlarda havo harorati sezilarli darajada pasayishi mumkin. Kunduzgi haroratlar ham tushishi, tungi va ertalabki soatlarda esa sovuq yanada kuchayishi prognoz qilinmoqda.
Sovuq havo massalarining kirib kelishi aholi salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklariga moyil bo‘lgan fuqarolar, bolalar va keksalar uchun havo sifati yomonlashishi xavfli hisoblanadi. Shu bois, mutasaddilar ehtiyotkorlik choralariga amal qilishni tavsiya etmoqda.
Shu bilan birga, antitsiklon fonida ayrim hududlarda qisqa muddatli yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Yog‘ingarchilik yomg‘ir yoki qor ko‘rinishida qayd etilishi kutilmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, yog‘ingarchilik va shamol atmosferada to‘planib qolgan mayda zarrachalarning ma’lum darajada «yuvilishi»ga olib kelib, ayrim paytlarda havo sifati qisman yaxshilanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 8-yanvar kuni Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inversiya hodisasi sabab Toshkent va boshqa hududlarda havo sifati yomonlashishi, korxona va avtotransportlarga nisbatan cheklovlar kuchaytirilishini ma’lum qilgandi.





