
Apple iOS 19 o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri iOS 26’ni taqdim etadi
29.05.2025 | 17:4025163
Bloomberg agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Apple kompaniyasi o‘z operatsion tizimlari raqamlanish tizimini tubdan o‘zgartiradi. Kompaniya iOS 19 o‘rniga darhol iOS 26’ni chiqarishni rejalashtirmoqda.

29 may kuni Bloomberg agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Apple kompaniyasi o‘z operatsion tizimlarining raqamlanish tizimiga jiddiy o‘zgartish kiritadi. Endi tizimlar versiya raqami bilan emas, balki ular chiqadigan yildan keyingi raqam bilan nomlanadi.
Shu tarzda, hozirgi iOS 18 versiyasi o‘rniga kutilgan iOS 19 emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri iOS 26 taqdim etiladi. Xuddi shunday yondashuv iPadOS, macOS, watchOS, tvOS va visionOS tizimlariga ham taalluqli bo‘ladi. Ular ham mos ravishda «2» raqami bilan yangilanadi.
Apple bu o‘zgarishni brendning umumiy stilini birxillashtirish va foydalanuvchilar hamda ishlab chiquvchilarni adashtirmaslik maqsadida amalga oshirmoqda. Hozirda kompaniya operatsion tizimlari turli raqamlarda turibdi: masalan, iOS 18, watchOS 12, macOS 15 va visionOS 2, chunki ular turli vaqtlarda ilk bor ishga tushirilgan.
Kutilishicha, Apple mazkur o‘zgarish haqida 9 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan WWDC (Butunjahon dasturchilar anjumani)da rasman e’lon qiladi. Bu bilan Apple raqobatchilar qatorida raqamlash tizimini yilga bog‘lash amaliyotini qabul qilmoqda. Masalan, Samsung 2020 yilda Galaxy S10’dan Galaxy S20’ga sakrab o‘tgan, Microsoft esa o‘z vaqtida Windows 95 va Windows 98 kabi mahsulotlarni chiqargan.
Apple tomonidan rasmiy sharh berilmagan. Bloomberg xabarlariga ko‘ra, 2025 yil oxiriga qadar Apple iPhone, iPad va Mac qurilmalari interfeyslarini ham tubdan yangilab, ikonka, menyu, ilova va tizim tugmalari ko‘rinishida katta o‘zgarishlar amalga oshiradi.





