AQSH Armanistonga 13 mlrd dollar sarmoya yo‘naltiradi

Bugun 09:022 daqiqa

Vashington Armanistonga 13 mlrd dollardan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmiga teng.

AQSH Armanistonga 13 mlrd dollar sarmoya yo‘naltiradi

AQSH Armaniston iqtisodiyotiga rekord darajada sarmoya yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, umumiy investitsiya hajmi 13 mlrd dollardan oshadi va bu mamlakat yillik YAIMining qariyb yarmiga teng. Rasmiy Vashington ushbu mablag‘lar Yerevanning Rossiyaga bo‘lgan ko‘p yillik iqtisodiy va energetik qaramligini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning Armanistonga tashrifi doirasida fuqarolik atom energetikasi bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjatga ko‘ra, 9 mlrd dollargacha mablag‘ yangi atom stansiyasi qurilishi va texnologiya yetkazib berishga yo‘naltiriladi. Qo‘shimcha 4 mlrd dollar sun’iy intellekt loyihalariga ajratilishi rejalashtirilgan. Armaniston YAIMi taxminan 27 mlrd dollar ekanini hisobga olsak, bu iqtisodiyot uchun beqiyos hajm hisoblanadi.

 

Yadro hamkorligi va yangi yo‘nalishlar

Yadro sohasidagi kelishuv AQSH kompaniyalariga sovet davrida qurilgan va mamlakat elektr energiyasining taxminan 40 foizini ta’minlaydigan Metsamor atom elektr stansiyasi o‘rniga yangi quvvatlar barpo etish imkonini beradi. Ilgari stansiya «Rosatom» boshqaruvida bo‘lgan va yoqilg‘i Rossiyadan yetkazib berilgan.

Vens tashrifi Janubiy Kavkazda geosiyosiy raqobat kuchaygan bir paytda amalga oshirildi. Yerevandan keyin u Bokuga yo‘l oldi va u yerda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan strategik sheriklik xartiyasi imzolandi. Hujjat transport, energetika, mudofaa va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni, shuningdek «O‘rta koridor» va TRIPP loyihasini rivojlantirishni nazarda tutadi.

 

Mintaqadagi yangi balans

AQSH faollashuvi 2025 yil avgustda Vashingtonda imzolangan Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi kelishuvdan keyin tezlashdi. Ushbu hujjat Qorabog‘ atrofidagi ko‘p yillik ziddiyatga nuqta qo‘ygan edi.

Armanistonning AQSH bilan yaqinlashuvi 2020-yillar boshidagi urushdan keyin kuchaydi. Yerevan Rossiya va KXSHTdan kutilgan yordamni olmaganini bildirib, tashkilotdagi ishtirokini muzlatdi. 2023 yilda Armaniston AQSH bilan ilk qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. 2026 yil yanvarda esa Armaniston tashqi ishlar vaziri TRIPP loyihasida Rossiya ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

Teglar

Mavzuga oid