
AQSH bosimi ish berdi: Turkiya Rossiya gazi va neftidan voz kechmoqda
09.10.2025 | 08:4217844
Turkiya Rossiyadan keladigan gaz va neftdan to‘liq voz kechishga tayyorlanmoqda. Reutersʼga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Trampning talablari Anqara uchun «rad etib bo‘lmaydigan shart»ga aylangan.

Reuters agentligining yozishicha, Turkiya so‘nggi bir necha yil ichida Rossiyadan keladigan energiya manbalarini keskin qisqartirdi — ilgari ular mamlakat iste’molining 60 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 38 foizga tushgan va tez sur’atda pasaymoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp Turkiyaga Rossiyaga bog‘liqlikni qisqartirish bo‘yicha bosim o‘tkazgan. Anqara bu talabni qabul qilgan, garchi buning evaziga F-35 dasturi kabi muhim kelishuvlar qayta tiklanmagan bo‘lsa ham. Shu bilan birga, Turkiyaning Qora dengizdagi o‘z neft va gaz zaxiralarini ishga tushirish rejalari ham orqaga surilgan — mamlakat endi AQSHdan katta hajmda suyultirilgan tabiiy gaz (STG) xarid qilishga tayyorlanmoqda.
Mutaxassislar fikricha, bu jarayon diplomatik iltimos emas, balki iqtisodiy shantajga o‘xshab kettmoqda. Turkiya Yaqin Sharqda mustaqil siyosiy kuch sifatida ko‘rinishga harakat qilsa-da, Vashington bosimi ostida Rossiya bilan strategik hamkorlikni qisqartirishga majbur bo‘ldi.
Tramp ma’muriyati davrida Turkiya so‘nggi yigirma yildagi miqdordan ko‘ra ko‘proq miqdorda AQSH bilan STG yetkazib berish shartnomalarini imzoladi — umumiy qiymati 43 mlrd dollarga yetadi. Bu vaqtda «Turk oqimi» orqali kelayotgan gaz hajmi qisqargan, shuningdek, Eron va Ozarboyjondan kelayotgan «zangori yoqilg‘i» ham bozordan siqib chiqarilayapti.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, milliy kompaniya BOTAS ikki yil ichida Rossiya gazidan to‘liq voz kechishi mumkin. Ammo AQSHdan olinayotgan STG qimmat bo‘lgani uchun uni qayta sotish yoki eksport qilish iqtisodiy jihatdan samarasiz.





