
AQSH Eronga hujum qilmoqchi, faqat zamonaviy uslubda — OAV
AQSH ma’muriyati Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida Tehronga nisbatan bosimni kuchaytirishning turli variantlarini ko‘rib chiqmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Erondagi norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlash va Eron rahbariyatiga bosimni kuchaytirishning bir qancha variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda ikki yuqori martabali amerikalik amaldorga tayanib Axios nashri xabar berdi.
Eron bo‘yicha razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lgan Isroil mudofaa sohasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, payshanba kuni sodir bo‘lgan voqealar Eron rasmiylarini «juda xavotirga solgan va vaziyatni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgan».
Ma’lum qilinishicha, muhokama qilinayotgan choralar orasida Erondagi muayyan ob’ektlarga ehtimoliy zarbalar berish masalasi ham bor. Shu bilan birga, amerikalik rasmiylardan biriga ko‘ra, «ma’muriyatdagi ko‘pchilik hozirgi bosqichda keng ko‘lamli harbiy harakatlar mamlakat ichidagi norozilik harakatlarini susaytirib qo‘yishi mumkin», degan fikrda.
Muqobil ssenariy sifatida AQSHning zarbdor aviatsiya guruhini mintaqaga yuborish haqida e’lon qilish, shuningdek, Eron hukumatiga qarshi kiberhujumlar va axborot operatsiyalarini kuchaytirish variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Axios’ga ko‘ra, Isroil va AQSH manbalari namoyishlar paytida halok bo‘lganlar soni Human Rights Activists News Agency tomonidan e’lon qilingan 116 nafardan ancha ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Eron prezidenti Masud Pizishkiyon esa namoyishchilarni «chet eldan boshqarilayotgan terrorist guruhlar» deb atab, ularni AQSH va Isroil qo‘llab-quvvatlayotganini aytgan.
«Bu odamlar ushbu mamlakatga tegishli emas. Agar kimdir shu yurt farzandi bo‘lsa, mayli, e’tiroz bildirsin — biz ularning noroziligini eshitamiz, uni tinglaymiz va muammoni hal qilamiz. Ular joyida aybsiz odamlarni o‘ldirmoqda, o‘t qo‘ymoqda, buni qabul qilib bo‘lmaydi. Amerika va Isroil o‘tirib olib, ularga: Oldinga, biz ham shu yerdamiz’, deb xitob qilmoqda. O‘z vaqtida ushbu mamlakatga hujum qilib, yoshlarimiz va bolalarimizni o‘ldirgan o‘sha odamlar, endi bu kimsalarga xuddi shunday qilishni buyurib: Biz shu yerdamiz, siz borib vayron qiling, biz esa ortingizdan boramiz’, deyishmoqda», — degan Eron rahbari.





