Logo

AQSH Eronning 5 ta viloyatiga zarba berdi

Bugun 10:353 daqiqa

Hujumlar oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan.

AQSH Eronning 5 ta viloyatiga zarba berdi © Ijtimoiy tarmoqlar

AQSH Qurolli kuchlari 14-iyulga o‘tar kechasi Erondagi obyektlarga navbatdagi zarbalar seriyasini yo‘lladi. Markaziy qo‘mondonlikning (CENTCOM) ma’lum qilishicha, bu AQSHning ketma-ket uchinchi kechadagi hujumi bo‘ldi.

Nishonlar qatoriga Eronning harbiy obyektlari, jumladan, qirg‘oq kuzatuv tizimlari, dronlar va raketa majmualari kiritildi. AQSH qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Eronning Hormuz bo‘g‘ozida fuqarolik kemalariga hujum qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.

«Fars» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Eronning Kish, Qeshm va Bumusi orollarida, shuningdek, Bandar-Abbos port shahrida portlashlar ovozi eshitilgan. Avvalroq Oq uy rahbari Donald Tramp Eronga qarshi harbiy harakatlar qayta boshlanganidan Kongressni xabardor qilgan edi. Tegishli maktub 10-iyul kuni Kongress rahbariyatiga yuborilgan va 13-iyul kuni «The New York Times» gazetasi ixtiyoriga borib tushgan.

Bundan tashqari, CENTCOM AQSHning uchuvchisiz dengiz apparatlaridan ilk bor hujumkor operatsiyada foydalanganini ma’lum qildi. Idora bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 13-iyulga o‘tar kechasi Bandar-Abbosdagi harbiy-dengiz bazasiga uyushtirilgan hujum vaqtida 3 ta uchuvchisiz dengiz vositasi qo‘llangan. Keyinroq AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronga qarshi besh soat davom etgan yangi zarbalar to‘lqini yakunlanganini ma’lum qildi.

Idora bayonotiga ko‘ra, bu vaqt ichida AQSH harbiylari Bushehr, Chobahor, Jask, Konarak, Abu Muso va Bandar-Abbos shaharlaridagi obyektlarga zarbalar bergan. CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, hozir Yaqin Sharqda 50 mingdan ortiq amerikalik harbiy xizmatchi joylashgan bo‘lib, ular mintaqada jangovar shay holatda qolmoqda.

Eron esa, o‘z navbatida, mintaqadagi AQSH obyektlariga hujumlar uyushtirilganini ma’lum qildi. Eron davlat teleradiokompaniyasi IRIB xabariga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) Quvaytdagi AQSH bazalariga uchuvchisiz apparatlar yordamida zarba bergan.

Shuningdek, Eronning «Fars» axborot agentligi Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga hujum qilinganini ma’lum qildi. BAA Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Eronning qanotli raketalari ikki tankerni nishonga olgan. Oqibatda ekipajning bir a’zosi halok bo‘lgan, yana olti kishi yaralangan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Eron Iordaniyadagi AQSH harbiy bazasiga raketa zarbasi berganini ma’lum qildi. Iordaniya hukumati hujum sodir bo‘lganini tasdiqladi, biroq raketalar havo mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini bildirdi.

«Iordaniyadagi aviabazada joylashgan amerikalik dushmanning dislokatsiya nuqtasi raketa zarbasiga uchradi. Biz amerikalik jinoyatchilarni jazoladik», — deyiladi IRGC bayonotida.

Iordaniya hukumati va xalqiga yo‘llangan murojaatda IRGC Eron «sizning mamlakatingizga nisbatan nafaqat adovat saqlamaydi, balki Falastin xalqining dardi va zulmini boshqa har qanday millatdan ko‘ra chuqurroq anglaydigan hamda sionistik rejimning jinoyatlaridan xabardor bo‘lgan oliyjanob xalqingizni hurmat qiladi», deb ta’kidladi.

Bayonotda, shuningdek, Iordaniya hukumatidan mamlakat hududidagi AQSH harbiy bazalarini tugatish talab qilindi. Iordaniyaning «Petra» axborot agentligi havo mudofaa vositalari Eronning to‘rtta raketasini urib tushirganini ma’lum qildi. Xabarga ko‘ra, hodisa oqibatida qurbonlar ham, moddiy zarar ham qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning neft tankerlariga qilgan hujumlariga javoban AQSH harbiylari Tehronga yangi zarbalar berdi. O‘z navbatida Eron bo‘g‘oz to‘liq yopilganini ma’lum qildi va yaqin atrofdagi AQSH harbiy bazalariga hujumlar uyushtirdi.

Teglar

Mavzuga oid