
AQSH Fo‘rdudagi yadro ob’ektiga taktik yadroviy zarba berish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda — Fox News
20.06.2025 | 13:4011015
Telekanal manbasiga ko‘ra, AQSH Eronning Fo‘rdudagi mustahkam yadro majmuasiga qarshi taktik yadroviy qurol qo‘llashni istisno etmayapti. Shu bilan birga, Vashington an’anaviy bunkerbuster bombalarining samarasiga ham ishonch bildirmoqda.

AQSH rasmiylari Eronning Fo‘rdu yadro majmuasini yo‘q qilish maqsadida taktik yadroviy qurol qo‘llash ehtimolini muhokama qilmoqda. Bu haqda Fox News telekanali muxbir Jeki Haynrix Oq uy manbasiga tayanib xabar berdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH harbiylari GBU-57 turdagi an’anaviy bunkerbuster (bunkerlarni yoruvchi) bombalaridan foydalanish orqali ham ushbu ob’ektni yo‘q qilish mumkinligini bildirishmoqda.
Bundan avval The Guardian nashrida Amerika harbiylari ushbu majmuani faqat taktik yadroviy qurol orqali yo‘q qilish mumkin, degan fikrga kelgani, ammo prezident Donald Tramp bunday qaror qabul qilishdan bosh tortgani haqida maqola chop etilgandi. Mazkur ma’lumotlar keyinroq rasman rad etildi.
Axios nashri esa Trampning GBU-57 bombasi Eronning 90 metr chuqurlikda joylashgan yadro majmuasini to‘liq yo‘q qilishga qodirligiga shubha qilganini yozgan. Pentagon tarkibidagi Harbiy tahdidlarni kamaytirish agentligi (DTRA)ning hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu ob’ektni yo‘q qilish uchun avval oddiy bombalar bilan tuproqni yumshatish, so‘ngra taktik yadroviy bomba tashlash zarur.
Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Tramp 17 iyun kuni Eronga harbiy zarba berish rejasini ma’qullagan, ammo bu qaror hali ijroga qaratilmagan. Prezident hozircha Tehronning yadro dasturidan voz kechishini kutmoqda. 19 iyun kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt ikki hafta ichida qaror qabul qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
Tramp Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyni «oson nishon» deb atab, uni yo‘q qilish rejasi yo‘qligini aytdi. Ammo u Eron havo hududi to‘liq nazoratda ekanini va Xomanaiy qayerda ekanini AQSH yaxshi bilajagini qayd etdi.
Bu bayonotlarga javoban, Ali Xomanaiy Eron hech qachon taslim bo‘lmasligini va AQSH bosimiga bo‘ysunishni rad etishini bildirdi. «AQSH harbiy hujumi og‘ir va qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi. Biz nafaqat urushga, balki zo‘rlab tiqishtirilayotgan tinchlikka ham qarshilik ko‘rsatamiz», — dedi u.





