
AQSH G7 davlatlaridan Rossiya aktivlarini musodara qilish mexanizmlarini ishlab chiqishni so‘raydi — Bloomberg
13.09.2025 | 09:3041473
Vashington ushbu aktivlardan Ukraina mudofaasini moliyalashtirishda foydalanishni ham taklif qilmoqda.

AQSH «katta yettilik» (G7) davlatlaridan Rossiyaning muzlatilgan aktivlarni musodara qilish uchun qonuniy mexanizm ishlab chiqishni so‘raydi. Bu haqda Bloomberg nashri o‘z ixtiyoriga tushgan hujjatga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington bu mablag‘lardan Ukraina mudofaa xarajatlarini qoplashda foydalanish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, AQSHning yuqori martabali rasmiylari Yevropa Ittifoqi hamkorlari bilan Rossiya aktivlarini bosqichma-bosqich musodara qilish g‘oyasini muhokama qilgan. Bu yo‘l bilan Moskvaga bosimni kuchaytirish va uni Kiyev bilan muzokaralarga majburlash maqsad qilib qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda G‘arb davlatlari Rossiyaning chet eldagi aktivlarini muzlatib qo‘ygan, ularning umumiy qiymati 190 mlrd yevroga yetgan. Ushbu mablag‘larning katta qismi Belgiyadagi Euroclear markaziy depozitariysida saqlanmoqda.
Ayni paytda ushbu aktivlardan tushayotgan foyda G7 davlatlari Ukrainaga taqdim etgan kreditlarni qaytarish uchun yo‘naltirilmoqda. Bu foyda asosan muddati kelgan, lekin Rossiyaga qaytarib bo‘lmaydigan aktivlar hisobiga shakllanmoqda.
Bir qator Yevropa davlatlari ushbu aktivlarni to‘liq musodara qilish tarafdori bo‘lib, ulardan maksimal foyda olishni maqsad qilmoqda. Biroq, 10 sentyabr kuni Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen YeI Rossiya aktivlarini musodara qilmasligini ma’lum qildi.





