add

AQSH G‘azoni ikkiga bo‘lish rejasini muhokama qilmoqda

Bugun 08:581732

AQSH G‘azo sektorini «yashil» va «qizil» hududlarga bo‘lib boshqarish strategiyasini ishlab chiqmoqda. Yangi rejaga ko‘ra, tiklanish ishlari faqat «yashil» zonalarda amalga oshiriladi.

AQSH G‘azoni ikkiga bo‘lish rejasini muhokama qilmoqda

Buyuk Britaniyaning The Guardian nashri yozishicha, AQSH hukumati Isroil bilan birgalikda G‘azo sektoridagi vaziyatni bosqichma-bosqich barqarorlashtirish maqsadida uni ikki xil hududga ajratishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «yashil zona» deb ataluvchi hudud xalqaro kuchlar va Isroil armiyasi nazoratida bo‘lib, tiklash ishlari aynan shu yerda amalga oshiriladi.

«Qizil zona» esa vayron bo‘lgan, infratuzilmasi yo‘q va falastinliklarni majburiy ko‘chirish orqali to‘ldiriladigan hudud sifatida belgilangan.

Yevropa mamlakatlari G‘azoda xalqaro barqarorlik kuchlari tarkibida qatnashishga shoshilmayapti. Afg‘onistondagi tajribadan kelib chiqqan holda, ko‘plab davlatlar bu rejada qatnashishni xatarli deb baholamoqda. Shu bilan birga, AQSH va Isroil hudud bo‘ylab, ayniqsa sharqdagi sarhadlarda xorijiy askarlarni joylashtirishni ko‘zlamoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, Isroil armiyasining G‘azodan to‘liq chiqishi bo‘yicha aniq grafik hozircha ishlab chiqilmagan.

Boz ustiga, Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Gideon Saar va mudofaa vaziri Israel Kats mustaqil Falastin davlatini tuzish g‘oyasini keskin tanqid qilib, bu hududni «yahudiylarning tarixiy yerlari» deb atagan.

Ular BMT Xavfsizlik Kengashida muhokama etilayotgan rezolyutsiyaga javoban, mustaqil Falastin davlatini tashkil etish g‘oyasini mutlaqo rad etdi.

Gideon Saar Falastinda davlat tuzish tashabbusini xavfli deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, HAMAS, «Hizbulloh» va yamanlik husiychilar Isroilni yo‘q qilishni maqsad qilishgan.

«Falastin davlatini tuzish uchun ko‘zda tutilgan hudud — Isroil yuragi. Biz bunday davlatiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz», – deb yozgan Saar X ijtimoiy tarmog‘ida.

Mudofaa vaziri Israel Kats ham hukumatning bu boradagi pozitsiyasi «aniq va qat’iy» ekanini bildirgan. Uning aytishicha, Isroil Falastin davlatining vujudga kelishini qabul qilmaydi va bu masalani yopiq deb hisoblaydi.

BMT rezolyutsiyasida esa Falastin milliy ma’muriyati islohotlari va G‘azo tiklanishi ortidan falastinliklar o‘z davlatini tuzishi uchun sharoit yaratish nazarda tutilgan. AQSH, Turkiya, Qatar va yana 6 davlat rezolyutsiyadagi falastinliklarning o‘z taqdirini belgilash huquqini qo‘llab-quvvatladi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH G‘azoni ikkiga bo‘lish rejasini muhokama qilmoqda | Vaqt.uz