
AQSH generali: Ukraina Qrimni qaytarib olishi mumkin
27.05.2025 | 12:3030152
AQSH armiyasining Yevropadagi sobiq qo‘mondoni Ben Xodjes Ukraina Qrimni harbiy yo‘l bilan o‘ziga qaytarishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, Qrimni izolyatsiya qilish va strategik zarbalar orqali Rossiyani bu hududdan chiqarish mumkin.

Xodjesning ta’kidlashicha, Qrim Ukraina uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uning qaytarilishi Rossiyada ichki o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. U Putinning Qrimdan voz kechishga tayyor emasligini, ammo Ukraina harbiy yo‘l bilan bu hududni qaytarishi mumkinligini ta’kidladi.
Generalning fikricha, Qrimni izolyatsiya qilish uchun Rossiya bilan bog‘lovchi yo‘llarni, jumladan, Kerch ko‘prigi kabi strategik ob’ektlarni yo‘q qilish zarur. Bu orqali Qrimni Rossiyadan ajratish va uni foydalanishga yaroqsiz holga keltirish mumkin.
Xodjes Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabiga ishonch bildirib, ularning harakatlarini oqilona deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, Qrimni qaytarish uchun yuqori aniqlikdagi zarbalar, maxsus operatsiyalar va diversiyalardan foydalanish kerak.
General desant operatsiyasini hozirgi sharoitda amalga oshirishni real deb hisoblamaydi, chunki bu dronlar va uzoq masofali qurollar bilan to‘la zamonaviy urush sharoitida amalga oshirilishi qiyin.





