add

AQSH «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni terrorchi guruhlar ro‘yxatidan chiqardi

08.07.2025 | 08:1542493

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati sunniy islomiy guruh — «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni xorijiy terrorchilik tashkilotlar ro‘yxatidan rasman chiqardi. Bu qaror Vashingtonning Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga qaratilgan siyosatining muhim bosqichi sifatida baholanmoqda.

AQSH «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni terrorchi guruhlar ro‘yxatidan chiqardi
7 iyul kuni e’lon qilingan Davlat departamenti xizmat yozishmasida ma’lum qilinishicha, mazkur qaror 23 iyunda qabul qilingan va 8 iyuldan AQSHning rasmiy hujjatlar jurnali — Federal Register’da nashr etilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Tramp 30 iyun kuni Damashqqa nisbatan bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan, biroq bu qaror sobiq prezident Bashar Asad va unga yaqin shaxslarga taalluqli emas. AQSH davlat kotibi Marko Rubioning ta’kidlashicha, «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish AQSH bosh prokurori Pem Bondi va moliya vaziri Skott Bessent bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Ushbu guruh avvalroq «Jabhat un-Nusra» nomi bilan tanilgan bo‘lib, u «Al-Qoida»ning Suriyadagi bo‘limi hisoblangan. Guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a (Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan mashhur) keyinchalik «Al-Qoida»dan uzoqlashib, «Islomiy davlat»ga qarshi kurash olib borgani qayd etilgan. 2024 yil dekabrida «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi muxolifatchilar Damashqni nazoratga olgan va Bashar Asadni mamlakatdan chiqib ketishga majbur qilgan. Suriyaning muvaqqat hukumati rahbari sifatida Ahmad ash-Shar’a tayinlangan. 2025 yil may oyida u AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Ar-Riyodda uchrashgan, ana shu uchrashuvda Vashington siyosatini qayta ko‘rib chiqish haqida e’lon qilingan edi. Shunga qaramay, «Hay’at Tahrir ash-Shom» hozircha BMT va qator G‘arb davlatlarida terrorchilik tashkiloti sifatida tan olinganligicha qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid