add

AQSH Hind okeanida Rossiya tankerini qo‘lga oldi

Amerika harbiylari Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilayotgan «soya floti»ga kiruvchi neft tankerini qo‘lga oldi. Bu 2025 yil dekabridan beri ushlab qolingan yettinchi tanker hisoblanadi.

AQSH Hind okeanida Rossiya tankerini qo‘lga oldi

AQSH Qurolli kuchlari 9-fevral kuni «Aquila II» nomli neft tankerini to‘xtatib, qo‘lga oldi. Bu haqda AQSH Urush vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

G‘arb va Ukraina manbalarining xabar berishicha, mazkur kema xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tish uchun foydalanilayotgan Rossiyaning «soya floti» tarkibiga kiradi. 2026 yil 9-fevralda «Aquila II» tankeri prezident Tramp tomonidan joriy etilgan sanksiya rejimiga zid ravishda harakat qilgan. AQSH Urush vazirligi kemaning qochishga uringanini, ammo kuzatuvga olinib, to‘xtatilganini bildirdi.

«Urush vazirligi ushbu kemani Karib dengizidan to Hind okeanigacha kuzatib va ta’qib qilib bordi. Yer yuzida hech bir davlat har qanday sharoitda o‘z so‘zini o‘tkazish qobiliyatiga AQSH kabi ega emas. Quruqlikda, havoda yoki dengizda bo‘ladimi, Qurolli kuchlarimiz sizlarni topadi va adolatni tiklaydi. Bizdan qochib qutulishingizdan oldin yoqilg‘ingiz tugaydi. Urush vazirligi noqonuniy harakat qiluvchi tuzilmalar va ularning vositachilarini jahon dengiz makonida Amerika qudratiga qarshi chiqish imkoniyatidan mahrum etadi», – deyiladi idora bayonotida.

«Aquila II» tankeri nima bilan mashhur

Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi yuritadigan «War & Sanctions» portaliga ko‘ra, «Aquila II» tankeri (IMO 9281152) AQSH, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Kanada, Shveysariya va Ukraina tomonidan sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. Bunga sabab uning sanksiyalarni chetlab o‘tib neft tashishda ishtirok etganidir.

Kema Rossiya energetika sohasidagi faoliyati uchun 2025 yil yanvar oyida AQSH sanksiya kiritgan «Sunne Co Limited» kompaniyasi bilan bog‘liq deb hisoblanadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, tanker Rossiya va Venesuela neftini tashiydi, ba’zan transponderni o‘chirish va joylashuvni yashirish usullaridan foydalanadi. Bu esa «soya floti» kemalariga xos belgilardan biri sanaladi.

«Aquila II» Rossiya va Venesuela portlaridan, jumladan Xitoy va boshqa hududlarga neft tashiydi. U sanksiyalarni aylanib o‘tish sxemasining faol elementi deb hisoblanadi, biroq kemaning rasmiy ro‘yxatdan o‘tgani va qaysi bayroq ostida ekani ochiq ma’lumotlar bazalarida bahsli holatda qolmoqda.

Tanker qo‘lga olinishining umumiy manzarasi

2025 yil dekabridan buyon Venesuelaga nisbatan joriy etilgan «karantin»ni buzishning oldini olish maqsadida to‘xtatilgan kemalar soni yettitaga yetdi. 15-yanvar kuni AQSH «Veronica» nomli tankerni ham to‘xtatgan edi. U tekshiruvdan qochish uchun nomini o‘zgartirib, Rossiya bayrog‘ini ko‘targan.

«Reuters» agentligining ma’lum qilishicha, ushlab qolingan barcha kemalar yo sanksiyalar ostida bo‘lgan, yoki Rossiya, Eron yoxud Venesuela neftining kelib chiqishini yashirishga qaratilgan «soya floti»ga mansub hisoblangan. «The Telegraph» nashriga ko‘ra, Vashingtonning «soya tankerlar»ni faol ravishda to‘xtatish qarori Donald Trampning Ukrainadagi urush davom etayotgani sabab Vladimir Putindan tobora ko‘proq norozi bo‘layotgani bilan bog‘liq.

Teglar

Mavzuga oid