AQSH Isroilning Eron neft omborlariga bergan zarbalaridan norozi
Vashington Isroilning Eron yoqilg‘i infratuzilmasiga uyushtirgan hujumlaridan noroziligini bildirmoqda: Tehrondagi 30 ta yoqilg‘i omboriga berilgan zarbalar AQSH kutganidan ancha keng ko‘lamli bo‘lib chiqdi.

«Axios» nashrining xabar berishicha, Isroil Amerika tomonini hujum haqida ogohlantirgan bo‘lsa-da, amaliyot ko‘lami Vashingtonni hayratda qoldirgan. 10 million aholi istiqomat qiladigan Tehron osmonini quyuq qora tutun qoplab olgan, yong‘inlar esa ko‘p kilometr masofadan ko‘rinib turibdi. Isroil harbiylari ushbu omborlar armiyani ta’minlash uchun ishlatilganini iddao qilmoqda.
Amerikalik mulozimlarning fikricha, bunday «qo‘sh maqsadli» infratuzilmaga zarba berish aks ta’sir ko‘rsatishi — Eron jamiyatini amaldagi hokimiyat atrofida jipslashtirishi va jahon bozorida neft narxini oshirib yuborishi mumkin. AQSHning yuqori martabali vakillaridan biri bu haqda: «Biz buni yaxshi g‘oya deb hisoblamaymiz», — deb bayonot bergan. Manbalarga ko‘ra, Vashingtonning Isroilga yuborgan munosabati qisqagina «WTF» («bu nimasi?») iborasidan iborat bo‘lgan.
Trampning pozitsiyasi
AQSH prezidenti Donald Tramp ham neft obyektlariga qilingan hujumga salbiy munosabat bildirgan. Uning maslahatchilaridan biri «Axios»ga: «Prezidentga bu hujum yoqmayapti. U neftni saqlab qolmoqchi, uni yoqib yuborishni emas. Bu odamlarga benzin narxi oshishini eslatmoqda», — deb aytgan.
Senator Lindsi Grehem Isroil rahbariyatini nishon tanlashda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Uning fikricha, Eronning neft iqtisodiyoti rejim almashganidan keyin xalqning yangi hayoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ushbu kelishmovchiliklarni ikki davlat rahbarlari darajasida muhokama qilish rejalashtirilgan.
Eronning javob tahdidi
Tehron rasmiylari agar neft infratuzilmasiga hujumlar davom etsa, mintaqadagi boshqa neft-gaz obyektlariga zarba berish bilan tahdid qildi. «Hotam ul-Anbiyo» markaziy shtabi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunday qadam jahon bozorida neft narxini barreliga 200 dollargacha ko‘tarib yuborishi mumkin.
Eron parlamenti spikeri Muhammad-Boqir G‘olibof ham navbatdagi hujumlarga «kechiktirmasdan» javob qaytarilishini ta’kidladi. Isroilning harakatlari nafaqat mintaqaviy urush xavfini, balki uning asosiy ittifoqchisi AQSH bilan munosabatlaridagi keskinlikni ham kuchaytirmoqda.





