AQSH-Isroilning Eronga qarshi hujumi fonida Rossiya neft kompaniyalarining aksiyalari qimmatlashdi

28.02.2026 | 16:152 daqiqa

Moskva birjasida yirik neft kompaniyalari aksiyalari 2,7 foizgacha qimmatlashgan.

AQSH-Isroilning Eronga qarshi hujumi fonida Rossiya neft kompaniyalarining aksiyalari qimmatlashdi

AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyoti Rossiya fond bozorida neft kompaniyalari aksiyalari keskin o‘sishiga sabab bo‘ldi. 28-fevral kuni Moskva birjasida o‘tgan dam olish kungi savdolarda sektor aksiyalari 1,5–2,7 foiz oralig‘ida qimmatlashdi, deb xabar bermoqda RBK nashri.

Ma’lumotlariga ko‘ra, «Lukiol» aksiyalari 2,15 foizga oshib 5333 rublga yetdi. «Rosneft» 2,73 foizga qimmatlashib 405 rublni tashkil etdi. «Gazprom neft» aksiyalari 2,27 foizga o‘sdi, «Tatneft» 2,76 foizgacha ko‘tarildi. Shuningdek, «Bashneft» va «Surgutneftegaz» aksiyalari ham 1,8–2,5 foiz atrofida o‘sish qayd etdi.

Ayni paytda Londonning ICE birjasida Brent nefti bo‘yicha savdolar o‘tkazilmadi, Comex maydonida oltin savdosi ham amalga oshirilmadi. Biroq juma kuni may oyi uchun Brent fyucherslari narxi so‘nggi sakkiz oyda ilk bor barreli 73 dollardan oshgan edi.

Bozor ishtirokchilari geosiyosiy keskinlik neft yetkazib berish zanjiriga xavf tug‘dirishi mumkinligidan xavotirda. Eron OPEKda to‘rtinchi yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va kuniga taxminan 3,2 mln barrel neft qazib oladi.

Ayniqsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuk tashishga ehtimoliy cheklovlar jahon bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu yo‘lak orqali dunyo neft ta’minotining qariyb 20 foizi o‘tadi.

Freedom Finance Global tahlilchisi Natalya Milchakovaga ko‘ra, Brent uchun o‘rta muddatli trend 73–75 dollar diapazonida shakllanmoqda. Agar vaziyat keskinlashsa, narx yaqin ikki hafta ichida 80 dollargacha yetishi ehtimoli bor. ANZ tahlilchilari ham bozor uchun asosiy xavf Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid