
AQSH Ozarboyjonga G‘azoga qo‘shin yuborishni taklif qildi
Ozarboyjon Prezidenti yordamchisi G‘azoga tinchlikparvar qo‘shin yuborish taklifi va Bokuning ikkilanishlari haqida Yaponiya nashriga intervyu berdi.

AQSH vositachiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejasi doirasida tuzilayotgan kuchlarda Bokuning ishtirok etishi mandat ko‘lami bilan bog‘liq masalalar tufayli qiyin kechadi, dedi Ozarboyjon Prezidenti yordamchisi — Prezident Administratsiyasi Tashqi siyosat masalalari bo‘limi mudiri Hikmat Hojiyev Yaponiyaning Nikkei nashriga bergan intervyusida.
Prezident yordamchisining ma’lum qilishicha, Vashington Bokuga Ozarboyjon qo‘shinlarini «Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari» tarkibiga kiritish taklifi bilan murojaat qilgan.
«Hozircha yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q», — degan Hojiyev.
U Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi «G‘azoda amaliyotlar o‘tkazishning aniq qoidalari, harakat usullari va missiya mandati hajmiga oid savollarga javob bermayotganidan» xavotir bildirgan.
Prezident yordamchisi Ozarboyjon 2023 yilgacha qo‘shni Armaniston bilan nizoda bo‘lganini va hukumat uchun aholiga qo‘shimcha qo‘shinlar safarbar qilinishini tushuntirish qiyin bo‘lishini eslatib o‘tdi.
BMT Xavfsizlik Kengashi o‘tgan oyda «Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari»ni tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani ma’qulladi va Turkiya, Qatar, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Pokiston hamda Iordaniyadan rasmiy qo‘llab-quvvatlov oldi. Ushbu kuchlar G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash, mintaqani demilitarizatsiya qilish va kelajakdagi Falastin politsiya kuchlarini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.
Muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarning shu oy boshida Middle East Eye (MEE) nashriga ma’lum qilishicha, Isroilning G‘azoga Turkiya qo‘shinlarini kiritishni rad etgani Ozarboyjon, Pokiston, Saudiya Arabistoni va Indoneziya kabi hamkorlarni uzoqlashtirgan.
Sektorda gumanitar yordamni muvofiqlashtirish va kuchlar tuzish vazifasi yuklangan AQSH Markaziy qo‘mondonligi oy boshida Dohada sammit o‘tkazdi. Unga ko‘plab davlatlar taklif qilindi, biroq Isroilning iltimosiga binoan Turkiya chetlashtirildi.
Iordaniya qiroli Abdulla oktabr oxirida BBC’ga bergan intervyusida Iordaniya G‘azoga qo‘shin yubormasligini aytgan edi. BAAning yuqori martabali mulozimi ham noyabr oyida mamlakat uchun ushbu bosqichda ishtirok etish qiyin bo‘lishini bildirgan.
Mavzuning nozikligi sababli ismi sir qolishini istagan Turkiya rasmiylari MEE nashriga Turkiyaning ushbu kuchlarda ishtirok etishi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini aytishdi.
Shunga qaramay, Anqara ehtimoliy joylashtirish uchun harbiy brigadani tayyorlab qo‘ygan. Anqaradagi manbalarning fikricha, Turkiya hukumati G‘azoga qo‘shin yubormasligi ham mumkin, biroq ular HAMAS boshqa davlatlarga Turkiyaga bo‘lgandek ishonch bildirmasligidan va butun tizim tez orada tartibsizlikka (xaosga) yuz tutishidan xavotirda.

