
AQSH o‘zidan 260 mln dollar qarz qoldirib, JSSTni butunlay tark etdi
Vashington Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan rasman chiqdi va o‘zidan yuz millionlab dollar qarz qoldirdi. Bu qaror global sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy oqibatlarga olib kelishi kutilmoqda.

AQSH rasman Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibidan chiqish jarayonini yakunladi. Natijada Vashington tashkilot oldida taxminan 260 mln dollar miqdorida to‘lanmagan qarz qoldirdi. Barcha moliyaviy ajratmalar to‘xtatildi, AQSH vakillari esa JSSTning barcha rahbar organlari, ishchi guruhlari va ofislaridan chaqirib olindi, deb xabar bermoqda «Bloomberg».
Chiqish jarayoni rosa bir yil davom etdi. Donald Tramp tegishli farmonni ikkinchi prezidentlik muddatining birinchi kuni — 2025 yil yanvarda imzolagan. U JSSTni COVID-19 pandemiyasiga «samarasiz javob berish», islohotlar yo‘qligi va «noqonuniy siyosiy ta’sirga qaramlik»da ayblagan.
1948 yilda qabul qilingan Kongress rezolyutsiyasiga ko‘ra, mamlakat JSSTdan chiqish uchun bir yil oldin ogohlantirishi va barcha moliyaviy majburiyatlarni bajarishi lozim. JSST qarz miqdorini rasman tasdiqlagan, ammo AQSH sog‘liqni saqlash idorasi rasmiysi qonun qarzni chiqishgacha majburiy to‘lash talabini aniq belgilamasligini aytgan.
Global xavflar
AQSHning tashkilotni tark etishi JSSTni eng yirik donorlaridan birisiz qoldirdi. 2022–2023 yillarda Amerika tashkilot budjetiga qariyb 1,3 mlrd dollar ajratgan edi. Bu mablag‘lar OITV, poliomiyelit va Ebola kabi kasalliklarga qarshi dasturlarni moliyalashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.
Mutaxassislar ma’lumot almashinuvi uzilishiga alohida e’tibor qaratmoqda. AQSH global gripp monitoringi tizimidan chiqib ketishi orqali yangi shtammlarga mos vaksinalarni o‘z vaqtida yangilash imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.
Jorjtaun universiteti qoshidagi JSST hamkorlik markazi rahbari Lourens Gostin bu jarayonni «juda chirkin ajralish» deb baholadi. AQSH Yuqumli kasalliklar jamiyati prezidenti Ronald Nahass esa JSSTdan chiqishni «ilmiy jihatdan mas’uliyatsiz qaror» deb atadi.
Ayni paytda AQSH fevral oyida o‘tkaziladigan gripp vaksinalari bo‘yicha JSST yig‘ilishida hech bo‘lmaganda cheklangan formatda ishtirok etish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Izolyatsionizm siyosati
JSSTdan chiqish AQSHning xalqaro tibbiy hamkorlikdan uzoqlashish siyosatining bir qismi sifatida baholanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ilon Mask rahbarlik qilayotgan DOGE doirasida USAID orqali amalga oshirilgan humanitar dasturlar keskin qisqartirilgan.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri lavozimini egallab turgan kichik Robert F. Kennedi Gavi bilan hamkorlikni to‘xtatgan. AQSH endilikda JSST o‘rniga 60 ta davlat bilan ikki tomonlama kasalliklar monitoringi tashabbuslarini ishlab chiqmoqda.
AQSH ortidan Argentina ham JSSTni tark etish niyatini bildirgani global tibbiy hamkorlikda yangi bo‘linishlar xavfini kuchaytirmoqda.





