add

AQSH pasporti dunyoning eng kuchli 10 taligidan chiqib ketdi

16.10.2025 | 15:3015914

So‘nggi 20 yil ichida ilk bor AQSH pasporti dunyodagi eng kuchli 10 ta pasport ro‘yxatiga kirmadi. Bu holat xalqaro sayohat erkinligidagi yangi kuch muvozanatini ko‘rsatmoqda.

AQSH pasporti dunyoning eng kuchli 10 taligidan chiqib ketdi
Henley Passport Indexning so‘nggi natijalariga ko‘ra, AQSH pasporti hozirda 12-o‘rinni egallab, Malayziya bilan bir xil pozitsiyada turibdi. Ushbu indeks bo‘yicha AQSH fuqarolari 180 ta davlatga vizasiz bora oladi, ammo AQSHning o‘zi faqat 46 davlat fuqarosini vizasiz qabul qiladi. Henley & Partners kompaniyasi raisi va indeks muallifi Kristian X.Kelinning ta’kidlashicha, «AQSH pasportining so‘nggi yillarda zaiflashishi faqat reytingdagi o‘rinlar almashinuvi emas, balki global harakat erkinligi va muloyim kuch (soft power) balansining o‘zgarishi»dir. Uning fikricha, ochiqlik va hamkorlik siyosatini yuritgan davlatlar ilgarilayotgan bir paytda, avvalgi nufuziga tayanib turgan mamlakatlar orqada qolmoqda. Reytingning yuqori qismida Osiyo davlatlari yetakchilik qilmoqda. Singapur 193 davlatga vizasiz kirish huquqi bilan birinchi o‘rinda, undan keyin Janubiy Koreya (190) va Yaponiya (189) joylashgan. Henley & Partners kompaniyasi so‘nggi 20 yildan buyon xalqaro havo tashuvlar assotsiatsiyasi (IATA) ma’lumotlari asosida ushbu indeksni tuzib kelmoqda. AQSHning pastga tushishiga so‘nggi yillardagi qat’iy migratsiya va sayohat siyosati ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, Braziliya 2025 yil aprelidan boshlab amerikaliklar uchun vizasiz kirishni bekor qildi. Shu bilan birga, Xitoy va Vetnam yangi vizasiz mamlakatlar ro‘yxatiga AQSHni kiritmadi. Shu bois, Henley & Partners ta’kidlaganidek, keng sayohat erkinligiga ega bo‘lsa-da, boshqa davlat fuqarolariga vizasiz kirishni cheklayotgan mamlakatlar — AQSH, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya — reytingda pastlash tendensiyasiga duch kelmoqda. Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, AQSH fuqarolari orasida ikki fuqarolikka qiziqish kuchaymoqda. Templ universiteti professori Piter Spironing ta’kidlashicha, «kelasi yillarda amerikaliklar imkoniyat bo‘lsa, ikkinchi fuqarolik olishga intiladi, bu AQSH jamiyatida yangi me’yorga aylanmoqda».

Teglar

Mavzuga oid