add

AQSH-Rossiya o‘rtasidagi muloqot muzlatildi

Bugun 19:351582

AQSH va Rossiya o‘rtasidagi diplomatik muloqot Ukraina masalasi atrofida to‘xtab qoldi. Yangi uchrashuvlar rejalashtirilmagan, elchixonalar faoliyati to‘liq tiklanmagan holda qolmoqda.

AQSH-Rossiya o‘rtasidagi muloqot muzlatildi

AQSH va Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlardagi muammolarni hal qilish maqsadida olib borilgan muloqot jarayoni muzlatildi. Moskva va Vashingtondagi elchixonalarning to‘liq faoliyatini tiklashga qaratilgan muzokaralarning yangi bosqichi rejalashtirilmagan. Bu haqda AQSHning Rossiyadagi vakolatxonasi «Izvestiya» gazetasiga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, muloqotning oxirgi bosqichi 10-aprel kuni Turkiyada o‘tgan. Shundan so‘ng uchrashuv uchun yangi sana belgilanishi kutilgan, ammo bu amalga oshmadi. AQSHdagi Rossiya elchisi Aleksandr Darchiyev iyun oyida uchrashuv «yaqin vaqtda bo‘ladi» deb ma’lum qilgan edi. Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi muzokaralar AQSH tashabbusi bilan bekor qilinganini bildirdi.

Oktabr oxiri – noyabr boshiga belgilangan navbatdagi uchrashuv ham ikki tomon kelishuviga ega bo‘lmadi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ta’kidlashicha, muloqot to‘liq to‘xtab qolmagan, ammo jarayon «juda sekin ketmoqda». U yangi uchrashuv qachon va qayerda bo‘lishi haqida aniq ma’lumot berishdan tiyildi.

Rossiya Fanlar akademiyasi yetakchi ilmiy xodimi Pavel Sharikovga ko‘ra, elchixonalarning to‘laqonli faoliyatini tiklash, Rossiyaning diplomatik mulkini AQSHga qaytarish, mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarni tiklash va umuman munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar Moskva va Kiyevning urushni tugatish bo‘yicha natijasiz yakunlangan muzokaralari bilan bir vaqtda olib borilgan.

«Hozirgi kunda Rossiya-AQSH muloqotining 99 foizi Ukraina masalasi atrofida aylanmoqda. Shu bilan birga, ayni paytda Moskvada Amerika elchisi yo‘qligi sababli, barcha muhokamalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oq uy ma’muriyati bilan olib borilmoqda», — deya ta’kidladi Sharikov.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyining oxirida AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga nisbatan o‘z pozitsiyasini keskin o‘zgartirdi. U Budapeshtda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi hamda mamlakatning ikki yirik neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH-Rossiya o‘rtasidagi muloqot muzlatildi | Vaqt.uz