add

AQSH Rossiyaning yana bir tankerini musodara qildi

Kecha 20:382 daqiqa

Bu AQSH hukumati tomonidan Venesueladan neft tashish bilan shug‘ullanuvchi «soya floti»ga qarshi o‘tkazilayotgan operatsiyalar davomida musodara qilingan beshinchi yirik kemadir.

AQSH Rossiyaning yana bir tankerini musodara qildi

AQSH Sohil xavfsizlik xizmati Trinidad yaqinligidagi Karib dengizi suvlarida «Olina» tankerini qo‘lga oldi va zobitlar 9-yanvar kuni kemaga chiqib, nazoratni qo‘lga olgan. Bu haqda AQSH rasmiylariga tayanib, The Wall Street Journal va Reuters xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Olina» tankerining ro‘yxatdan o‘tish raqami ilgari sanksiyaga tushgan «Minerva M» kemasi bilan bir xil. Ushbu tanker 2025 yilning yanvar oyidayoq G‘arb davlatlari tomonidan Rossiya neftini tashishda foydalaniladigan «soya floti»ning bir qismi sifatida qora ro‘yxatga kiritilgan edi. Kema Sharqiy Timor bayrog‘i ostida harakatlangan bo‘lsa-da, amalda Rossiya manfaatlariga xizmat qilib kelgan va xalqaro cheklovlarni chetlab o‘tishga uringan.

AQSH Janubiy qo‘mondonligi «Olina» tankerining qo‘lga olinganini tasdiqladi. Qo‘mondonlik operatsiya hech qanday ko‘ngilsiz hodisalarsiz o‘tganini ta’kidladi.

«Sharqiy Timor bayrog‘i ostida harakatlanuvchi kema oxirgi marta o‘z pozitsiyasini 52 kun oldin, noyabr oyining o‘rtalarida, Venesuela qirg‘oqlari yaqinida xabar qilgan. Shundan so‘ng kema kuzatuv tizimlarini o‘chirib, yashirin harakatlanishga o‘tgan», - deya yozgan Reuters Vanguard ma’lumotlariga tayanib.

Bu AQSH hukumati tomonidan Venesueladan neft tashish bilan shug‘ullanuvchi «soya floti»ga qarshi o‘tkazilayotgan operatsiyalar davomida musodara qilingan beshinchi yirik kemadir. Hozirda Venesuela neft eksportining qariyb 70 foizi aynan shunday yashirin kemalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan avvalroq AQSH harbiylari Atlantika okeanida Rossiya kompaniyasiga tegishli «Bella 1» tankerini ham qo‘lga olgan edi. O‘shanda tanker ikki hafta davomida AQSH dengiz kuchlari ta’qibidan qochishga uringan va hatto Rossiya harbiy-dengiz floti hamrohligida harakat qilgan edi. Rossiya tomoni ushbu harakatlarni «noqonuniy kuch ishlatish» deb baholab, rasmiy norozilik bildirgan bo‘lsa-da, Vashington sanksiyalarni buzgan har qanday kema musodara qilinishini ta’kidlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid