add

AQSH sanksiyalaridan so‘ng «Lukoyl» va «Rosneft» aksiyalari keskin qadrsizlandi

23.10.2025 | 18:403601

Rossiya neft gigantlari «Lukoyl» va «Rosneft» aksiyalari yangi AQSH sanksiyalari ortidan 4 foizgacha pasaydi. Iqtisodchilar buni «energetika bozoridagi yangi zarba» deb baholamoqda.

AQSH sanksiyalaridan so‘ng «Lukoyl» va «Rosneft» aksiyalari keskin qadrsizlandi

Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalari — «Lukoyl» va «Rosneft» aksiyalari 23 oktyabr kuni ertalabgi savdo sessiyasida keskin arzonlashdi. AQSHning ularga qarshi joriy etgan yangi sanksiyalari ortidan bu holat bozordagi asosiy voqeaga aylandi.

Investing portali ma’lumotlariga ko‘ra, «Lukoyl» aksiyalari savdo boshlanishidan so‘ng 4,37 foizga, «Rosneft» esa 3,21 foizga qadrsizlandi. Ikkala kompaniya ham «qizil zona»da — ya’ni yirik yo‘qotuvchilar qatoriga kirdi. Ular bilan bir qatorda «Gazprom», VTB va «Sberbank» aksiyalari ham pasayish qayd etmoqda.

Moliya bozorlarida tahlilchilar ushbu qimmatbaho qog‘ozlarni sotishni tavsiya etmoqda. «Investorlar nafaqat foydadan mahrum bo‘lish, balki aktivlariga nisbatan xalqaro cheklovlar kuchayishidan xavotirda», — deydi bozor tahlilchisi Andrey Krilov.

22 oktyabr kuni AQSH Moliya vazirligi «Rosneft» va «Lukoyl» kompaniyalariga, shuningdek, ularning tegishli shu’ba tuzilmalariga nisbatan keng qamrovli sanksiyalar e’lon qilgan edi. Cheklovlar «Rosneft»ning 28 va «Lukoyl»ning 6 ta shu’ba kompaniyalariga ham taalluqli.

AQSH prezidenti Donald Tramp yangi cheklovlarni izohlar ekan, «fursat yetib kelganini his qildim», dedi. U shu bilan birga Vladimir Putin bilan rejalashtirilgan uchrashuv bekor qilinganini ham rasman tasdiqladi.

Iqtisodchilar fikricha, yangi sanksiyalar nafaqat Rossiya energetika sohasi, balki butun moliya tizimi uchun qo‘shimcha bosim omili bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid