
AQSH savdo sudi Trampning bojxona tariflarini bekor qildi
29.05.2025 | 11:202262
AQSHdagi Xalqaro savdo sudi prezident Donald Tramp tomonidan joriy etilgan keng ko‘lamli bojxona tariflarini noqonuniy deb topdi.

Sud hukumat tomonidan «milliy favqulodda holat» deb ko‘rsatilgan holatlar uchun mo‘ljallangan qonun prezidentga barcha davlatlarga qarshi mustaqil ravishda tarif joriy etish huquqini bermasligini ta’kidladi. Bu qaror Xitoy, Meksika va Kanadadan import qilinadigan tovarlarga qo‘yilgan alohida tariflarni ham o‘z ichiga oladi.
Tramp ma’muriyati bu qarorga nisbatan bir necha daqiqalar ichida apellyatsiya berishini ma’lum qildi. Ma’muriyat bayonotida shunday deyildi: «Milliy favqulodda holatga qanday munosabat bildirish kerakligini saylanmagan sudyalar emas, saylangan rahbarlar hal qilishi kerak».
Qarorga qaramasdan, hozircha chegaralarda tariflarga oid amaliyotlarda o‘zgarish kutilmayapti. Sud ishi beshta kichik biznes kompaniyasi nomidan olib borildi.





