
AQSH Senati Venesueladagi harbiy harakatlarni cheklashga ovoz berdi
Senat Trampning Venesuelada kongress roziligisiz harbiy qarorlar qabul qilishini cheklashni qo‘llab-quvvatladi. Prezident Tramp esa nazorat yillab davom etishini aytdi.

AQSH Senati 8-yanvar kuni Venesuelada qo‘shimcha harbiy harakatlarni Kongress ruxsatisiz amalga oshirishni taqiqlovchi rezolyutsiyani ilgari surish uchun ovoz berdi. «Reuters» agentligiga ko‘ra, ovoz berish 52ga 47 natija bilan yakunlandi.
Qayd etilishicha, qarorni ilgari surishda bir nechta respublikachilar demokratlar bilan birga ovoz berdi. Bu esa Donald Tramp ma’muriyatiga nisbatan kutilmagan siyosiy qarshilik sifatida baholanmoqda.
Prezident Tramp «New York Times nashriga bergan intervyusida AQSH Venesuela ustidan nazoratni qisqa muddat emas, balki yillar davomida olib borishi mumkinligini bildirdi. U Venesuela neft daromadlari AQSH nazoratida bo‘lishi ehtimolini ham istisno qilmadi. Trampning ta’kidlashicha, mamlakatni «foydali tarzda qayta tiklash» rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, prezident Venesuelaning qo‘shnisi Kolumbiyaga nisbatan harbiy tahdidlarni yumshatganini bildirdi. U ilgari keskin tanqid qilgan Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro bilan muloqotni ijobiy baholab, uni Vashingtonga taklif etganini aytdi.
Tramp so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozirda Venesuelada vaqtinchalik prezident sifatida faoliyat yuritayotgan Delsi Rodriges hukumati bilan «juda yaxshi til topishmoqda». U avvalgi prezident Nikolas Maduroni hibsga olish maqsadida o‘tkazilgan harbiy reyddan so‘ng siyosiy vaziyat yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.
Bu orada Venesuela parlamenti rahbari Xorxe Rodriges mamlakatda mahalliy va xorijiy siyosiy mahbuslarni ozod qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu qaror muxolifat talablari asosida, bir tomonlama qabul qilingan. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Venesuelada 863 nafar siyosiy mahbus mavjud.
Senatda qabul qilingan rezolyutsiya qonun kuchiga kirishi uchun Qonunchilik palatasida ham ma’qullanishi va ehtimoliy prezident vetosini bekor qilish uchun ikki palatada uchdan ikki ovoz to‘plashi talab etiladi. Shunga qaramasdan, kuzatuvchilar bu ovoz berishni Kongressda Tramp siyosatiga nisbatan kuchayib borayotgan e’tirozlar belgisi sifatida baholamoqda.





