
AQSH Suriyadagi uch harbiy bazasini yopib ularni kurdlarga topshirdi
06.08.2025 | 20:0011772
AQSH Suriyadagi harbiy ishtiroki miqyosini qisqartirishda davom etmoqda — Amerika armiyasi ISHIDga qarshi koalitsiya doirasida faoliyat yuritgan uchta harbiy bazani yopib, ularni kurdlarning «Suriya Demokratik Kuchlari»ga topshirdi.

AQSH Mudofaa vazirligi Suriyadagi Mission Support Site Green Village, H2 va Mission Support Site Euphrates nomli harbiy bazalarni yopdi va ularni mahalliy kurd kuchlari — «Suriya Demokratik Kuchlari» (SDK) nazoratiga o‘tkazdi. Bu haqda Pentagonning so‘nggi hisobotida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida ushbu bazalardan AQSH va koalitsiyaga a’zo boshqa davlatlarning askarlari chiqib ketgan. Qisman ular Iroq va Suriyadagi boshqa ob’ektlarga ko‘chirilgan, bir qismi esa AQSHga qaytarilgan. Olib chiqilgan askarlar soni 500 ga yaqin ekanligi aytilmoqda. Ayni paytda Suriyada Amerika Qo‘shma Shtatlarining taxminan 1,400 nafarlik harbiy kontingenti qolmoqda.
Ushbu o‘zgarishlar Suriyada dekabr oyida Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan keyingi siyosiy o‘tish davrida amalga oshmoqda. Yangi hukumat bilan AQSHning munosabatlari hali aniq shakllanmagan.





