add

AQSH talabalar vizasini qayta tikladi, lekin bitta shart bilan

19.06.2025 | 19:4036233

AQSH Davlat departamenti xorijiy talabalarga vizalar berilishini qayta boshladi. Ammo endi ariza beruvchilar ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z akkauntlarini kuzatish huquqini hukumatga taqdim etishi shart qilib belgilangan.

AQSH talabalar vizasini qayta tikladi, lekin bitta shart bilan
2025 yil 18 iyunda AQSH Davlat departamenti talabalarga viza berish jarayoni qayta yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Bu jarayon may oyida to‘xtatilgan edi. Endi AQSHda o‘qishni xohlaganlar o‘zlari foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlar — post va xabarlarni kuzatish huquqini taqdim etishi talab qilinadi. Associated Press agentligi yozishicha, AQSH konsulliklari xodimlari endi talabgorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tekshirib, ularda Amerika qo‘shma shtatlariga, uning hukumat tizimi, madaniyati, milliy qadriyatlari yoki institutlariga nisbatan tajovuzkor munosabat mavjud yoki yo‘qligini aniqlaydi. Agar ariza beruvchi o‘z akkauntlariga kirish imkonini bermasa (akkauntli «qulflab» olsa), u holda vizani rad etish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Davlat departamenti ta’kidlashicha, har bir viza bilan bog‘liq qaror — milliy xavfsizlik masalasidir. Viza olishni istagan har bir kishi AQSHga tashrifi faqat belgilangan maqsadlar uchun ekanini dalillar bilan isbotlashi talab etiladi. Davlat departamenti, shuningdek, yaqin kunlarda chet eldagi AQSH konsulliklari talabalar uchun mo‘ljallangan F, M va J turdagi noimmigratsion vizalar bo‘yicha arizalarni qabul qilishni boshlashini ma’lum qilgan. Talabgorlar vizaga yozilish uchun tegishli konsullik yoki elchixona sayti orqali ma’lumot olishlari mumkin. «Amerika vizasi — huquq emas, balki privilegiyadir. Biz viza berish jarayoni orqali yurtimiz va fuqarolarimizni himoya qilishga intilamiz», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Teglar

Mavzuga oid