
AQSH Ukrainadan Donbassni topshirishni talab qilmoqda — Politico
Politico nashri manbalariga ko‘ra, AQSH Ukrainadan Donbassdan to‘liq chekinishni talab qilmoqda, Kiyev esa bunday shartni rad etib, sulh uchun hozirgi front chizig‘i asos bo‘lishini aytmoqda.

Politico nashrining yozishicha, Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha AQSH taklif etgan «tinchlik rejasi» muzokaralari aynan Donbass masalasi tufayli to‘xtab qolgan. Nashrga so‘zlagan yevropalik yuqori martabali manbaning aytishicha, Vashington Kiyevdan «qanday bo‘lmasin» Donbassdan voz kechishni talab qilmoqda. Ukraina esa bunga keskin qarshi bo‘lib, har qanday kelishuv hozirgi front chizig‘ini inobatga olishi shartligini bildirgan.
Manbaning ta’kidlashicha, Amerika tomoni muzokaralarni tezlashtirishga urinmoqda: «Rossiya Ukrainadan hududlarni berishni talab qilayapti, AQSH esa buni qanday amalga oshirish mumkinligini o‘ylayapti».
Hozirda Ukraina Qo‘shinlari Donbassning taxminan 30 foiz hududini, jumladan Kramatorsk va Slovyansk kabi 100 mingdan ortiq aholi yashaydigan shaharlarni nazorat qilib turibdi. Kiyev o‘z Konstitutsiyasi hech qanday hududiy yo‘qotishga ruxsat bermasligini va Rossiya butun Donbassni qo‘lga kiritsa, uni yangilangan harbiy yurishlar uchun platsdarm sifatida ishlatishini ta’kidlamoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8-dekabr kuni Donbass masalasida muzokara ishtirokchilari o‘rtasida hali ham yagona fikr yo‘qligini bildirdi. Yevropa manbalariga ko‘ra, Kiyev AQSHdan aniq xavfsizlik kafolatlarini hali ham kutmoqda.
Trampning dastlabki rejasida Qrim va Donbass de-fakto Rossiya nazoratida deb tan olinib, Zaporijjya va Xerson hajmi front bo‘ylab taqsimlanishi taklif etilgan edi. Ukraina bu variantni Jenevadagi muzokaralarda rad etdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva yangi versiyadan ham qoniqmagan. Prezident Vladimir Putin Donbassni «baribir olamiz» deya ta’kidlab, Kiyevdan qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishni talab qilgan.
Ukraina parlamenti rasmiysi Oleksandr Merejko bunday ssenariy jamiyatda «chuqur parchalanish» keltirib chiqarishini aytib, Putin bu talab orqali Ukraina ichki birligini izdan chiqarishni ko‘zlamoqda, degan.





