
AQSH Ukrainaga 3000 dan ortiq uzoq masofali raketa beradi
25.08.2025 | 10:3038133
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga 3350 ta ERAM turkumidagi uzoq masofali raketalarni sotishni ma’qulladi.

Wall Street Journal yozishicha, umumiy qiymati 850 mln dollarlik kelishuv olti hafta ichida amalga oshiriladi. Paket raketalar bilan birga boshqa harbiy jihozlarni ham o‘z ichiga oladi. Moliyaviy yukning asosiy qismini Yevropa davlatlari ko‘taradi.
ERAM raketalarining ta’sir radiusi 241–450 kilometr bo‘lib, ulardan foydalanish uchun Pentagonning alohida ruxsati talab etiladi. Universal qo‘llanilishi va modulli tuzilishi tufayli bu qurollar ham quruqlikda, ham dengizdagi nishonlarga zarba berish imkonini beradi.
Raketalarni yetkazib berish Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralaridan keyin amalga oshirilishi belgilangan.
Avvalroq Jo Bayden ma’muriyati 2023 yilda Ukrainaga ATACMS raketalarini taqdim etgan edi. Dastlab ulardan Rossiya hududiga zarba berish taqiqlangan bo‘lsa-da, 2024 yil kuzida Shimoliy Koreya qo‘shinlari Moskva tomonida urushga qo‘shilgandan so‘ng cheklov olib tashlangan.
Biroq AQSH Mudofaa vazirligi 2025 yil bahoridan boshlab ATACMS raketalaridan Rossiya hududiga zarba berishni qayta taqiqladi. Ayni paytda Kiyevda ushbu turdagi raketalar zahirasi juda kam qolgani qayd etilmoqda.





