add

AQSH Ukrainaga Rossiya ichkarisiga hujumlarni rejalashtirishda yordam bermoqda — Financial Times

12.10.2025 | 18:1420355

Nashr manbalarga ko‘ra, Kiyev zarba beriladigan nishonlarni tanlaydi, Vashington esa hujum taktikasi va vaqtini rejalashtirishda yordam beradi.

AQSH Ukrainaga Rossiya ichkarisiga hujumlarni rejalashtirishda yordam bermoqda — Financial Times
Financial Times nashrining yozishicha, AQSH Ukrainaga Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlar uyushtirishda razvedka ma’lumotlari orqali yordam berib kelmoqda. Nashr amerikalik va ukrainalik manbalarga tayanib, bu hamkorlik bir necha oydan beri amalga oshirilayotganini xabar qildi. Manbalarning ta’kidlashicha, Vashington Kiyevga Rossiya hududidagi ayrim neft qayta ishlash zavodlari va boshqa strategik ob’ektlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etgan, bu esa Ukrainaga front ortidagi hududlarda hujumlar uyushtirish imkonini bergan. FTʼning yozishicha, nishonlarni Ukraina tanlaydi, AQSH esa ularning zaif nuqtalari, zarba vaqti va marshrutini rejalashtirishda yordam beradi. Bu orqali ukrain dronlari Rossiya havo mudofaasi tizimiga chap berish imkoniga ega bo‘ladi. Nashr qayd etganidek, razvedka ma’lumotlari almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani yoz oylarida, ya’ni AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi telefon suhbatidan keyin faollashgan. Manbalarning fikricha, bu Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirish va Moskvaga muzokaralarga majbur etish strategiyasining bir qismi. Vashington uzoq vaqtdan beri Rossiya bilan to‘qnashuv xavfini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilib kelayotgan edi. Ammo Trampning Kreml rahbari Vladimir Putindan so‘nggi vaqtlarda umidsizlangani hamda Alyaskadagi avgust oyidagi sammitdan keyingi munosabatlar o‘zgarishi oqibatida siyosatda burilish yuz bergani aytilmoqda. Zelenskiy esa so‘nggi brifingda AQSH razvedkasi bilan hamkorlik asosan mamlakatni himoya qilishga qaratilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hamkorlik Patriot, NASAMS va IRIS-T kabi G‘arb havo hujumidan himoya tizimlarini samarali qo‘llashni ta’minlaydi. Kreml rasmiylari esa buni yangilik sifatida baholamadi. Moskvaga shundoq ham NATO va AQSH Ukrainaga razvedka ma’lumotlari yetkazib berish bilan uzoq vaqtdan buyon shug‘ullanib kelayotganini takrorlab keladi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa energetika ob’ektlariga berilayotgan zarbalarga «jiddiy javoblar» qaytarilishini ta’kidlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tinch ob’ektlarga hujum qilib, G‘arb davlatlariga sun’iy «muvaffaqiyat» ko‘rsatishga urinayotgan. Putinning ogohlantirishicha, G‘arb qurollaridan Rossiya hududiga zarba berish — NATO va AQSHning urushdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki degani.

Teglar

Mavzuga oid