AQSH va Eron urushni tugatish bo‘yicha kelishuv imzoladi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiladi
Kelishuvning taqdiri muzokaralardagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgan Livandagi voqealarga ham bog‘liq bo‘lib turibdi.

AQSH va Eron o‘rtasida urushni tugatish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. Bu haqda AQSH rasmiylari ma’lum qildi. O‘zaro anglashuv memorandumi AQSH prezidenti Donald Tramp, vitse-prezident Jey Di Vens va Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof tomonidan imzolangani bildirildi. Shartnomaning to‘liq matni juma kuni bo‘lib o‘tadigan rasmiy imzolash marosimidan so‘ng e’lon qilinishi kutilmoqda.
Kelishuvga muvofiq, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi zudlik bilan ochiladi va AQSHning Eronga nisbatan dengiz qamali bekor qilinadi. Otashkesim rejimi 60 kunlik muzokaralar davriga uzaytiriladi va mazkur muddat ichida Eronning yadro dasturi kelajagi kabi asosiy bahsli masalalar hal etiladi.
Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida G7 sammiti oldidan prezident Emmanuyel Makron bilan uchrashgan Donald Tramp kelishuv to‘liq imzolanganini va Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, u neft narxlari tushayotganini, Eron o‘z majburiyatlarini bajarmagunicha sanksiyalar yumshatilmasligini, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi esa qisman ochilgani va juma kuni to‘liq ochilishini ta’kidladi.
AQSH qo‘shinlari Yaqin Sharqda qoladi
AQSH hozircha Yaqin Sharqdagi harbiy kuchlarini olib chiqmaydi. Bu haqda AQSHning yuqori martabali mulozimi jurnalistlarga bergan brifingda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, muzokaralar davomida mintaqadagi harbiy kuchlarning joriy holati saqlab qolinadi. Qo‘shinlarni qisqartirish faqat yakuniy shartnomaga erishilganidan va Eron o‘z va’dalarini bajarib, yadroviy dasturi bo‘yicha yon bosganidan so‘nggina ko‘rib chiqiladi.
Kelishuvning taqdiri muzokaralardagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgan Livandagi voqealarga ham bog‘liq bo‘lib turibdi. Isroil Livanning o‘zi bosib olgan hududlaridan chekinmasligini va agar Livandagi vaziyat tufayli Eron unga hujum qilsa, javob qaytarishini bildirdi.
O‘z navbatida, Hizbulloh AQSH va Eron o‘rtasidagi kelishuvni olqishladi, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Isroilning Livanga hujumlari to‘liq to‘xtatilishi shartligini ta’kidladi.





