AQSH va Xitoy Oy uchun kurashyapti
Pekin 2030 yilgacha Oyga taykonavt jo‘natmoqchi. AQSH esa martda 4 kishili missiyani Yerning tabiiy yo‘ldoshi tomon uchiradi. Missiya Oy atrofini aylanib o‘tadi, lekin qo‘nmaydi. Oyga kim birinchi qadam qo‘ysa, shu davlat keyingi qoidalarni belgilaydi.
Amerikalik astranavt Yujin Sernan Oyga qadam qo‘ygan so‘nggi odam, hozircha so‘nggi. Uning boshchiligidagi «Apollo-17» missiyasi 1972 yilda Oyga qo‘ngan va shu bilan AQSH Yerning tabiiy yo‘ldoshiga astranavtlarni yuborishni to‘xtatgan. Oradan 50 yildan ortiq vaqt o‘tgach, bu masala yana kun tartibida va Oyga odam jo‘natishga tayyoragliklar avjida. Bu safar AQSH yolg‘iz emas. U bu poygada Xitoyga qarshi kurashishi kerak.
Shu yerda oddiy savol: NEGA? Nega Oy missiyasi muhim, nega u 50 yil davomida to‘xtab qolgandi, nega aynan hozir fazogir jo‘natish kerak va nega aynan bu ikki davlat – Xitoy va AQSH? Quyida shu savollarga javob qidirib ko‘ramiz.
Keling, javoblarni qidirishni tarixdan boshlasak. Aslida birinchi poygada ham AQSH yolg‘iz emasdi. Sovuq urush davrida u Sovet Ittifoqi bilan nafaqat Yerdagi ta’sir doirasi mintaqalarida, balki kosmosda ham bellashgan. Sovet Ittifoqidan bo‘lgan Yuriy Gagarin 1961 yilda kosmosga chiqqan bo‘lsa, oradan 8 yil o‘tib amerikalik Nil Armstrong Oyga qadam qo‘ydi. SSSRning Oy missiyalari muvaffaqqiyatsizlikka uchradi. AQSH ham yana 5-marta Oyga astronavt jo‘natgach, loyihani to‘xtatdi. Bunga sabab esa PUL.
«Apollo» missiyalari juda qimmat edi. NASA har bir missiyaga milliardlab dollar sarfladi. 1972 yildan so‘ng Oy missiyasini davom ettirish uchun siyosiy bosim kamaydi, chunki bu poygada g‘alaba qilib bo‘lingandi, AQSH hukumati esa mablag‘ni boshqa masalalarga yo‘naltirmoqchi bo‘ldi, masalan, Viyetnam urushi va ijtimoiy dasturlarga. NASA esa etiborini kosmik stansiyalar va Yer orbitasiga qaratdi.
Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning quyidagi qiziq gapini eshitgan bo‘lsa kerak:
«Andijonliklar qayda yo‘q?
Andijonliklar oyda yo‘q.
Nima uchun oyda yo‘q?
Chunki oydan foyda yo‘q».
Biroq bugungi kunga kelib bu gaplar eskirdi. Hozirda Oydan katta foyda bor. Oy toshlari va tuprog‘ining asosiy qismini kislorod, kremniy, magniy, temir, kalsiy, alyuminiy tashkil qiladi. Shuningdek, Yerda juda kam uchraydigan geliy-3 ni ham Oydan topish mumkin. Quyosh shamoli tufayli u Oy yuzasiga jamlangan. Geliy-3 kelajakda toza yadroviy sintez yoqilg‘isi sifatida qo‘llanilishi mumkin (Tegishli loyiha hozircha tajriba bosqichida).
Shuningdek, raketalar, skafandrlar va Oyga qo‘nish texnologiyalari ancha rivojlandi. Geosiyosiy vaziyat ham bunga yo‘l ochmoqda. AQSH va Xitoy kabi davlatlar uchun Oyga qaytish – kuch va texnologik ustunlik ramzi hisoblanadi. Bundan tashqari, SpaceX va Blue Origin kabi kompaniyalar Oyni noyob elementlarni qazib olish, kosmik turizm va kelajakdagi kosmik bazalar uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rmoqda.
Xitoy qanday qilib poygaga qo‘shilib qoldi?
Xitoy taykonavtlarini Oyga qo‘ndirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda. 2025 yil 30-oktabr kuni Xitoy 2030 yilga qadar Oy missiyasini amalga oshirish yo‘lida «reja asosida harakatlanayotgani»ni ma’lum qildi.
Xitoyning odamli Oy missiyasiga yaqinlashayotgan sana mamlakat uchun juda ta’sirli rivojlanish yo‘lini anglatadi. Pekin o‘zining ilk taykonauti Yan Liveyni 2003 yilda «Shenzhou 5» missiyasi orqali kosmosga chiqargan edi. Xitoyning Oyga qo‘nish uchun o‘n yillab olib borgan tayyorgarligi 1960-70-yillarda AQSH va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi kosmik poygada kuzatilgan «birinchi yutuqlar»ni eslatadi.
Xitoy avval bir taykonautli parvozdan ikki kishilik missiyaga, keyin esa uch kishilik missiyaga o‘tdi. Ushbu parvozda xitoylik taykonaut tomonidan ilk bor ochiq kosmosga chiqish amalga oshirildi. Keyinchalik mamlakat Yer atrofi past orbitasida «Tiangong» kosmik stansiyasini barpo etdi. 2030 yilda Xalqaro kosmik stansiya faoliyati tugatilgandan so‘ng, Xitoy Yer orbitasida doimiy stansiyaga ega bo‘lgan yagona davlatga aylanadi.
Xitoyning kosmosda o‘z ishtirokini bosqichma-bosqich kuchaytirib borishi uning texnologik qudratini yaqqol ko‘rsatadi. Ishonchli uchirish tizimlari tufayli Xitoy o‘z kosmik maqsadlari uchun aniq rejalar va real vaqt jadvallarini tuzish imkoniga ega. 2025 yil avgust oyida Xitoy «Long March 10» raketasining eng yangi modeli uchun yerda sinov o‘tkazdi.
Ushbu model 2030 yilda yangi avlod «Mengzhou» ekipaj kapsulasi orqali taykonautlarni Oyga olib chiqish uchun mo‘ljallangan. U hozirgacha odamli parvozlar uchun asosiy ishchi apparat bo‘lib kelgan «Shenzhou» kemasining o‘rnini bosadi.
Xitoyning Oy qo‘nish apparati sinovlari 2024 yildan beri davom etmoqda. Robot prototipi 2027 va 2028 yillarda sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ekipajsiz «Mengzhou–Lanyuye» missiyasi esa 2028 yoki 2029 yillarda amalga oshirilishi, 2030 yildagi to‘liq odamli Oy missiyasiga yo‘l ochilishi ko‘zda tutilgan.
Xitoyning Oyga olib borayotgan yo‘li realistik, amalga oshirish mumkin va eng muhimi – reja asosida ketmoqda. Kosmosdagi ko‘p o‘n yillik tajribasi Xitoyga nafaqat zarur bilim va texnologiyalarni, balki ko‘plab davlatlarda yetishmaydigan ikki muhim omilni ham bergan: aniq strategik qarash va katta moliyaviy imkoniyatlar.
2024 yilda Xitoy davlat kosmik dasturlariga sarflangan mablag‘lar bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi. Biroq uning 19 milliard AQSH dollari miqdoridagi xarajatlari AQSH sarflagan 79 milliard dollarga nisbatan 60 milliard dollarga kam edi. Shu bilan birga, Xitoy missiyalari, kamida tashqi tomondan qaraganda, siyosiy o‘zgarishlar ta’sirida kamroq izdan chiqadi.
Xitoy taykonautining Oyga qo‘nishi katta ramziy ahamiyatga ega bo‘ladi, ayniqsa agar mamlakat NASA rejalashtirayotgan qaytish missiyasidan oldin bunga erishsa. Biroq bunday yutuq oddiy nufuz masalasidan ancha keng ma’noga ega. Shuning uchun ham AQSH rasmiylari tashvishda.
Xitoyning Oyga qo‘nishi mamlakatga kosmosning yangi davrida qoidalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar kun tartibini belgilash va geosiyosiy manzarani o‘z manfaatlariga mos ravishda yo‘naltirish imkonini beradi.
AQSH Xitoy o‘zib ketishini istamaydi
NASA hozirda o‘zining tarixiy «Artemis II» Oy missiyasini ilk bor uchirish uchun mart oyini eng erta ehtimoliy sana sifatida belgilamoqda. Ushbu missiya 50 yildan ortiq vaqt avval yakunlangan «Apollo» dasturidan so‘ng ilk bor to‘rt nafar astronavtni chuqur kosmosga olib chiqadi.
NASA astronavtlarni Oy atrofida ilk bor misli ko‘rilmagan trayektoriya bo‘ylab olib chiqadigan ulkan raketa tizimi uchun o‘ta muhim bo‘lgan yoqilg‘i to‘ldirilgan holdagi to‘liq sinovni muvaffaqiyatli yakunlagan. Oldinroq missiya 8-fevral kuniyoq uchirilishi kutilgan edi. Ammo texnik sabablarga ko‘ra uchirish keyingi oyga qoldirildi. Endi NASA 6-11-mart kunlarini uchirish uchun ehtimoliy sana sifatida ko‘rsatmoqda.
Biroq bu safar uchadigan astranavtlar Oyga qo‘nmaydi, ular tabiiy yo‘ldoshning atrofini aylanib o‘tadi. Shunday bo‘lsa-da ular 50 yildan so‘ng Oyga yaqinlashgan odamlar bo‘ladi va hammasi yaxshi o‘tishiga umid qilmoqda.
«Bugungi eng muhim jihat — o‘sha raketani uchirish maydoniga chiqarish uchun qancha mehnat va sa’y-harakat kerak bo‘lgani, deb o‘ylayman. Shuning uchun umid qilamanki, jamoamiz buni nishonlayapti, chunki bu oldinda turgan katta qadamning muhim qismi hisoblanadi», – deydi «Artemis II» ejipaj a’zosi Viktor Glover.
Xo‘sh, oldinda nima kutmoqda?
NASAning maqsadi astronavtlarni Oyning Janubiy qutbiga qo‘ndirish. Nega aynan o‘sha joy deysizmi? Chunki u yerda suv muzlari bor. Olimlar Janubiy Qutbdagi doimiy soya tushadigan kraterlarda muzlagan suv topishgan.
Suv muhim, chunki astronavtlar uni ichishi, nafas olish uchun kislorod va raketalar uchun vodorod yoqilg‘isi ajratishi mumkin. Bu Oyni Mars yoki boshqa chuqur kosmos missiyalari uchun yoqilg‘i quyuvchi stansiyaga aylantirishi mumkin.
Janubiy Qutb yaqinidagi ba’zi tog‘ cho‘qqilarida deyarli doimiy quyosh nuri bo‘ladi. Bu quyosh energiyasi uchun ahamiyatli, shu orqali Oydagi bazalar ulkan batareyalarga muhtoj bo‘lmasdan ishonchli energiyaga ega bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib kurash avjida. Bu kurash esa misli ko‘rilmagan yoki fantastik kinolarda ko‘rilgan sahnalarni reallikka aylantirishi mumkin. Raqobat bor joyda rivojlanish bo‘ladi deganlaridek, Xitoy va AQSHning bahsi ortidan insoniyat katta kashfiyotlar bo‘sag‘asida turibdi.
Teglar






