«British Petroleum» Ustyurtda neft-gaz qidiradi

Bugun 21:301 daqiqa

Britaniya kompaniyasi Ustyurtdagi istiqbolli qidiruv bloklaridan 40 foizlik ulushni sotib oldi.

«British Petroleum» Ustyurtda neft-gaz qidiradi

Britaniyaning «BP» energetika kompaniyasi O‘zbekistonning Ustyurt mintaqasidagi neft va gaz qidiruv ishlarida ishtirok etadi. Bu haqda Ukrainaning «Open4business» va «Fixygen» axborot portallariga tayanib, «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kompaniya mahsulotni taqsimlashga oid bitim doirasida oltita qidiruv blokini qamrab oluvchi loyihaning 40 foiz ulushini sotib olgan.

Ushbu loyiha hududdagi uglevodorod zaxiralarini aniqlash va ularni kelgusida o‘zlashtirish imkoniyatlarini baholashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, mazkur kelishuv so‘nggi yillarda asosiy e’tiborni qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratib kelayotgan «BP» kompaniyasining an’anaviy energetika sohasiga faol qaytayotganini anglatadi.

Strategiyadagi o‘zgarishlar

2021 yilda «BP» sobiq bosh direktori Bernard Luni rahbarligida «yashil» energetikaga o‘tish strategiyasini e’lon qilib, neft va gaz sohasidagi qator loyihalarni qisqartirish rejasini bildirgan edi.

O‘shanda kompaniya 2030 yilga qadar neft va gaz qazib olish hajmini sezilarli darajada kamaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Biroq keyinroq «BP» o‘z strategiyasini qayta ko‘rib chiqdi va yana an’anaviy qazib olinadigan yoqilg‘i loyihalariga asosiy e’tiborni qarata boshladi.

Ustyurtning ahamiyati

Kompaniya vakili Jo Kristofolining ta’kidlashicha, O‘zbekiston uglevodorod resurslari bo‘yicha katta salohiyatga ega mamlakat hisoblanadi.

Ustyurt mintaqasidagi loyihada ishtirok etish mamlakatning neft va gaz resurslarini qidirish hamda o‘zlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid