Elektr ta’minotidagi uzilishlar haqida nega oldindan SMS yuborilmasligi sabablari ma’lum qilindi
Energetika vazirligiga ko‘ra, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha aholiga oldindan SMS-xabarnoma yuborish tizimi katta mablag‘ talab qilishi va fuqarolar telefon raqamlarini tez-tez o‘zgartirishi sababli amaliyotda o‘zini oqlamayapti.
© SI asosida yaratilganElektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi haqida fuqarolarga oldindan SMS-xabarnoma yuborish amaliyoti joriy qilinmaydi, chunki bu qo‘shimcha moliyaviy xarajat talab qiladi va bevosita elektr energiyasi tannarxi oshishiga olib keladi. Bu haqda «Huquqiy nigoh» ko‘rsatuvida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mas’ul xodimi Malika Rasulova ma’lum qildi.
SMS-xabarnomalar va tannarx masalasi
Favqulodda bo‘lmagan holatlardagi uzilishlar haqida nega aholi oldindan ogohlantirilmasligiga izoh berildi. Vazirlik mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu jarayon katta mablag‘ga borib taqaladi.
«Har bir SMS xabarnoma bizda pul turadi. Agar biz ertaga SMS xabarnomani qo‘shadigan bo‘lsak, bu yana elektr energiyasi va tabiiy gazning tannarxiga borib o‘tiradigan xarajat bo‘lib qoladi», — dedi Energetika vazirligi bosh mutaxassisi.
Shuningdek, hozirgi kunda tizimda 8,5 milliondan ortiq iste’molchi mavjud bo‘lib, abonentlar tomonidan raqamlarning tez-tez o‘zgartirilishi sababli ko‘plab xabarlar egasiga yetib bormayotgani qayd etildi.
«Bugungi kunda billing tizimidan 20 dan oshiq SMS xabar yuboramiz. Yoshlar telefon raqamlarini ko‘p o‘zgartiradi, lekin bizning billingimizda eski raqamlar qolib ketadi. Juda ham ko‘p SMS'larimiz egasiz yuborilishi oqibatiga olib keladi. Bu hammasi mablag‘ga boradi», — dedi Malika Rasulova.
40 yil ishlatilayotgan transformatorlar
Tarmoqlardagi uzilishlarning yana bir sababi sifatida uskunalarning eskirgani va ulardan belgilangan muddatdan ortiq foydalanilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Rivojlangan davlatlarda muddati o‘tgan uskunalar darhol almashtirilsa, O‘zbekistonda mablag‘ sababli ular ishlashda davom etmoqda.
«Ishlab chiqaruvchi zavodlar tomonidan transformatorlarga 25 yil muddat qo‘yiladi. Chet ellarda 25 yil ishlab bergan uskunani oladi-da, o‘rniga yangi qo‘yadi. Bizlar esa 25 yildan keyin ham ishlatamiz. Chunki bu soha juda katta mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun ham bizlarda 40 yildan ziyod ishlatilayotgan elektrqurilmalarimiz bor», — deya ta’kidladi vazirlik vakili.
ASKUE va kulerlar sarfi
Ko‘rsatuv davomida yangi hisoblagichlar (ASKUE) o‘rnatilgach, elektr sarfi oshib ketgani haqidagi shikoyatlarga ham munosabat bildirildi. Bu asosan xonadonlarda yangi maishiy texnikalar ko‘paygani bilan izohlandi.
«ASKUEni qilganimizdan keyin juda ko‘p noroziliklar bo‘ldi. Lekin o‘rganish natijasida nimaga kelinadi? Masalan, fuqarolar yangi kuler olgan. Bitta kuler o‘rtacha 55-60 kilovatt elektr energiyasi ishlatadi. Bu ham elektr energiyasiga borib taqaladigan joylari bor», — dedi Malika Rasulova.





