add

AQSH va Xitoy savdo kelishuvi arafasida — Tramp Si Jinping bilan uchrashadi

26.10.2025 | 13:304091

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi muzokaralar ikki tomonni yaqin kunlardagi yetakchilar uchrashuvi va yangi savdo kelishuviga yaqinlashtirmoqda. Vashington buni «ijobiy burilish nuqtasi» deb baholamoqda.

AQSH va Xitoy savdo kelishuvi arafasida — Tramp Si Jinping bilan uchrashadi

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi ikki kunlik savdo muzokaralari mamlakatlarni yetakchilar darajasidagi uchrashuv va yangi savdo kelishuvi sari yaqinlashtirmoqda. Bu haqda AQSH savdo vakili Jeymison Grir ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.

«Menimcha, biz shunday bir nuqtaga yaqinlashyapmizki, unda ikki davlat rahbarlari juda samarali uchrashuv o‘tkazadi», — dedi Grir. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi muzokaralar dunyodagi ikki eng yirik iqtisodiyot — AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarda yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Prezident Donald Tramp 26 oktyabr kuni Malayziya poytaxtiga yetib bordi. U yerda Janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida ishtirok etadi. Reuters ma’lumoticha, besh kunlik Osiyo turnesi doirasida Trampning Xitoy raisi Si Jinping bilan shaxsiy uchrashuvi 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

15 oktyabr kuni Tramp AQSH Xitoy bilan savdo urushi holatida ekanini bildirgan va bojlarni milliy xavfsizlikni muhofaza qilishning asosiy vositasi deb atagan edi. 11 oktyabr kuni esa u Xitoydan keltirilayotgan barcha tovarlarga 100 foizlik boj joriy etish niyatini bildirgan.

Trampning aytishicha, u Si Jinping bilan uchrashuvda fentanil muammosini asosiy masala sifatida ko‘tarishni rejalashtirgan. AQSH prezidenti Xitoyni fentanilni Venesuela orqali olib o‘tib, Amerika va Meksika portlaridagi nazoratni chetlab o‘tishda ayblagan. Shuningdek, uchrashuvda Rossiya va Ukraina bo‘yicha masalalar ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH va Xitoy savdo kelishuvi arafasida — Tramp Si Jinping bilan uchrashadi | Vaqt.uz