
AQSH va Xitoy savdo muzokaralari Jenevada muhim natijalar bilan yakunlandi
12.05.2025 | 12:1225883
AQSH Moliya vaziri Skott Bessent savdo muzokaralarini samarali deb baholadi va ikki tomon o‘rtasida ahamiyatli kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Jenevada o‘tkazilgan AQSH–Xitoy savdo muzokaralari yuzasidan bayonot berdi. Unga ko‘ra, muzokaralar yuqori darajada va unumli o‘tgan, muhim kelishuvlarga erishilgan. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp ham xabardor qilingan.
Bessentning o‘zi ham «biz AQSH va Xitoy o‘rtasidagi juda muhim savdo muzokaralarida sezilarli yutuqqa erishdik», deya ta’kidladi. Muzokaralar natijalari 12 may kuni o‘tkaziladigan keng qamrovli brifingda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Oq uy rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda shuningdek, AQSHning savdo vakili Jeymison Grirning ham fikrlari keltirilgan. Uning ta’kidlashicha, kelishuvga bunday tez yetib borilgani taraflar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar avval o‘ylanganchalik chuqur emasligini ko‘rsatadi.
Grirning yodga solishicha, AQSH savdo balansidagi taqchillik hozir 1,2 trln dollarni tashkil etmoqda. Shu sababli, prezident Tramp favqulodda holat e’lon qilgan va Xitoy mahsulotlariga bojlarni oshirgan. «Biz Xitoy bilan imzolangan kelishuv bu muammoni bartaraf etishda yordam beradi, deb ishonamiz», — dedi Grir.





