
AQSH va Xitoy savdo muzokaralari natija berdi
11.06.2025 | 11:4019694
Londonda ikki kun davom etgan muzokaralardan so‘ng, AQSH va Xitoy dunyodagi eng yirik iqtisodlar sifatida savdo ziddiyatlarini yumshatish bo‘yicha kelishuv asosini tayyorladi. Mazkur kelishuv Donald Tramp va Si Jinping tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda.
Muzokaralarda asosiy e’tibor nodir yer metallari va magnitlar eksporti masalasiga qaratildi. Vashington Xitoyni bu mahsulotlarning eksportini sun’iy to‘xtatganlikda ayblab kelayotgan edi. Bu moddalar smartfonlar va elektromobillar ishlab chiqarish uchun muhim hisoblanadi.
AQSH savdo vaziri Hovard Lutnik muzokaralar yakunida «Jeneva kelishuvini amalga oshirish uchun asosiy doira tuzildi» deb bayonot berdi. Unga ko‘ra, prezidentlar kelishuvni ma’qullaganidan so‘ng, amalga oshirish jarayoni boshlanadi.
Bundan oldin, 5 iyun kuni Tramp va Si o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan, muzokaralar aynan shu muloqotda erishilgan kelishuvlarga tayanadi. Xitoy savdo vaziri o‘rinbosari Li Chengang ham «Ikki tomon Jenevada va telefon suhbatida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni kelishib oldi» dedi.
Savdo urushining ilk bosqichida AQSH tomonidan Xitoy tovarlariga 145 foizgacha boj joriy etilgan, Xitoy esa javoban 125 foizlik tariflar bilan chiqqandi. May oyidagi Jeneva muzokaralaridan so‘ng, AQSH bojlarni 30 foizga tushirgan, Xitoy esa o‘z navbatida 10 foizgacha kamaytirgan.
Shu bilan birga, har ikki davlat kelishuvning ayrim shartlarini buzishda bir-birini ayblab kelmoqda. AQSH Xitoyni magnitlar eksporti bo‘yicha to‘siqlarni olib tashlamaganlikda aybladi. Xitoy esa AQSHni chip dizayn dasturlari savdosini to‘xtatish, Huawei mahsulotlaridan voz kechish va xitoylik talabalarga viza bermaslik kabi harakatlarda ayblamoqda.
Xitoy Savdo vazirligi ayrim eksport litsenziyalarini ma’qullaganini ma’lum qildi, lekin ular qaysi davlatlarga tegishli ekani ochiqlanmadi. Donald Tramp Si Jinping nodir yer materiallari savdosini qayta boshlashga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.





