add

AQSH Venesuelaga qarshi harbiy operatsiya tayyorlayapti. Rossiya o‘z ittifoqchisi — Nikolas Maduroga yordam beradimi?

Bugun 19:156813

AQSH Venesuelaga qarshi harbiy bosimni kuchaytirdi, Maduro Moskvadan yordam so‘ragan.

AQSH Venesuelaga qarshi harbiy operatsiya tayyorlayapti. Rossiya o‘z ittifoqchisi — Nikolas Maduroga yordam beradimi?

AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset Lotin Amerikasi narkokartellariga qarshi «Janubiy nayza» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. U hech qanday tafsilotlarni oshkor qilmagan bo‘lsa-da, operatsiyaning asosiy maqsadi katta ehtimol bilan Venesuela bo‘lishi aniq. AQSH prezident Nikolas Maduroni taxtdan ag‘darishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Meduza» nashri yozdi.

Qayd etilishicha, AQSH Venesuelaga nisbatan siyosatini keskin kuchaytirgan oktabr oyidayoq Maduro Rossiyadan yordam so‘ragan. Noyabr oyi boshida esa u Venesuela Rossiya bilan har qachongidan ham yaqin ekanligini aytdi.

Biroq The Atlantic nashrining yozishicha, Venesuela atrofidagi keskinlashib borayotgan vaziyatga Moskvaning munosabati xotirjam, hatto sovuq. Na Rossiya prezidenti Vladimir Putin, na boshqa yuqori martabali Rossiya amaldorlari so‘nggi bir necha oy ichida — vaziyat keskinlashganidan beri — AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv yuz berganda Rossiyaning Venesuelaga yordam berishga tayyorligini bildirmadi.

11-noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiyaning bir necha ommaviy axborot vositalari bilan suhbatda Venesuelaning harbiy yordam so‘rab murojaat qilmaganini va ikki tomonlama kelishuvlar doirasida Moskvaning Venesuelani tashqi tajovuzdan himoya qilish majburiyati yo‘qligini ma’lum qildi.

Maduro Rossiyaning boshqa ittifoqchilari — Armaniston, Suriya va Eron avvalroq duch kelgan muammoga ro‘baro‘ bo‘lganga o‘xshaydi. The Atlantic nashrining ta’kidlashicha, ularning barchasi yaqinda Rossiyadan harbiy yordam so‘ragan, biroq Ukraina bilan urush tufayli bunday yordam ko‘rsatish imkoniyati yo‘qligini anglagan: qo‘shin holdan toygan, resurslar cheklangan va eng muhimi, «Ukraina urushi» shunchalik ustuvor ahamiyatga egaki, Rossiya buning uchun har qanday narsadan voz kechishga tayyor.

Venesuela 2006 yildan beri Rossiya qurollarini sotib oladi. O‘sha paytdagi prezident Ugo Chaves bu qurollarni Amerika tahdidi oldida Venesuela suverenitetining kafolati deb atagan.

Amerikaning bir necha ma’muriyati — Barak Obamadan Donald Trampgacha — Chavesni, keyinchalik esa Maduroni mintaqaviy barqarorlikka tahdid sifatida baholagan. 2025 yil sentabrida AQSH o‘rtadagi vaziyatni keskinlashtirdi: Venesuela kemalarini giyohvand moddalar tashiyapti degan sabab bilan ularga zarba bera boshladi va Venesuela qirg‘oqlari yaqinida kemalar guruhini to‘pladi. Bunga javoban Maduro armiya va zaxiradagilarni ommaviy safarbar qilishga buyruq berdi.

The Atlantic nashrining yozishicha, agar Putin Venesuelaga jiddiy ravishda yordam bermoqchi bo‘lsa ham, unda imkoniyatlar juda kam. Chunki Tramp uzoqdan zarba berishni ma’qul ko‘radi — Amerika kuchlari Yaman va Eronda aynan shunday jang olib borgan. Rossiya Venesuelani bunday hujumlardan himoya qiladigan qurollar bilan hozirda ta’minlamayapti va ehtimol ta’minlamaydi ham.

Agar AQSH kemalari Venesuela qirg‘oqlariga yaqinlashsa yoki qo‘shin harakatga keltirilsa, Rossiya Venesuelaga o‘zi Ukrainaga qarshi ishlatayotgan («Geran») arzon hujumkor dronlarni yetkazib berishi mumkin. Rossiya radioelektron kurash vositalarini ham yetkazib berishi ehtimoldan xoli emas, bular GPS va radioaloqani ishdan chiqarib, Amerika aviatsiyasi harakatlarini qiyinlashtiradi.

AQSH uchun eng xavfli ssenariy — quruqlikdagi operatsiyadir. Bunday holatda Rossiya Venesuelaga og‘ir qurollar yetkazib berish orqali amerikaliklarni uzoq va qonli urushga tortadi. Biroq aynan shunday qurollar hozir Ukraina bilan urushda Rossiyaning o‘ziga juda zarur.

The Atlantic nashrining ta’kidlashicha, hozirda Kremlning ahvoli G‘arbning Rossiya-Ukraina urushining dastlabki bosqichlaridagi holatini eslatadi. Bir tomondan, Ukraina hujumni qaytarish uchun zamonaviy qurollarga muhtoj, boshqa tomondan esa, agar ukraina mag‘lub bo‘lsa, bu qurollar ruslarning qo‘liga o‘tib qolishi va G‘arb, ehtimol, texnik ustunlikdan mahrum bo‘lishi mumkin edi.

Nashrning xulosa qilishicha, Maduroni Suriya prezidenti Bashar Asadning taqdiri kutmoqda. Ya’ni u hal qiluvchi pallada Rossiyadan yordam ololmaydi va nari borsa, Moskvadan joy berishlariga umid qilishi mumkin, xolos.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH Venesuelaga qarshi harbiy operatsiya tayyorlayapti. Rossiya o‘z ittifoqchisi — Nikolas Maduroga yordam beradimi? | Vaqt.uz