
AQSH Xitoy talabalariga beriladigan vizalarni bekor qilishni boshladi
29.05.2025 | 13:0014143
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Xitoy va Gonkongdan kelgan talabalar vizalarini «agressiv tarzda» bekor qilish rejasi haqida ma’lum qildi. Bu qaror AQSH universitetlari moliyaviy manbalari va texnologik salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning 28 may kuni bildirishicha, Xitoy Kommunistik partiyasi bilan aloqador yoki strategik sohalarda tahsil olayotgan Xitoylik talabalar vizalari bekor qilinadi. Rubioga ko‘ra, bu choralar AQSH xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
2024 yilda AQSH universitetlarida 277 ming nafar Xitoylik talaba tahsil olgan. Ularning soni so‘nggi yillarda, xususan, 2019 yildagi 370 ming nafarlik yuqori ko‘rsatkichdan sezilarli kamaygan. Bu tendensiya AQSH va Xitoy o‘rtasidagi geosiyosiy keskinlik, AQSH hukumatining qattiqroq tekshiruvlari hamda pandemiya natijasida yuzaga kelgan.
AQSH rasmiylari Xitoyning ochiq ilmiy muhitlar orqali eksport nazorati va milliy xavfsizlik qonunlarini chetlab o‘tishi mumkinligidan xavotirda. Shu bois vizalarni qayta ko‘rib chiqish va talabalarga nisbatan tekshiruvlarni kuchaytirishga qaror qilingan.
Rubioning bayonotida qancha talabaga ta’sir qilish aniq ko‘rsatilmagan, ammo hatto cheklangan miqyosdagi bekor qilish ham AQSH oliy ta’lim tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Iqtisodchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, xalqaro talabalar 2023 yilda AQSH iqtisodiga 50 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan. Ularning 54 foizini esa Xitoy va Hindiston fuqarolari tashkil etgan.
Reaksiyalar ham ikki tomonlama bo‘ldi: inson huquqlari himoyachilari bu qarorni talabalar huquqlari va AQSHning innovatsiyada yetakchi mavqeiga tahdid sifatida baholashmoqda. Xitoy tashqi ishlar vazirligi esa o‘z talabalarining qonuniy huquqlarini himoya qilishini ta’kidladi.





