
AQSH Xitoyga mikrochip loyihalash dasturlari va kimyoviy moddalar eksportlarini chekladi
29.05.2025 | 18:4029934
AQSH Xitoyga elektron chip loyihalash dasturlari, kimyoviy moddalar va boshqa mahsulotlar yetkazib berishni yangi litsenziya talablari bilan cheklab qo‘ydi. Bu choralar Xitoyning strategik sohalariga bosim qilish maqsadini ko‘zlagani aytilmoqda.

AQSH Savdo vazirligi yuzlab kompaniyalarga Xitoyga tovar yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy ogohnomalar yubordi va ayrim yetkazib beruvchilarga berilgan eksport litsenziyalarini bekor qildi. Bu haqda «Reuters» agentligi manbalari xabar berdi.
Yangi cheklovlar elektron chiplar uchun loyihalash dasturlari, kimyoviy moddalar, butan va etan yoqilg‘ilari, sanoat uskunalari va aviatsiya jihozlarini o‘z ichiga oladi. Bundan buyon ushbu mahsulotlarni Xitoyga yetkazish uchun alohida litsenziya talab etiladi.
Ta’kidlanishicha, «Cadence», «Synopsys» va «Siemens EDA» kabi elektron dizayn avtomatlashtirish (EDA) dasturlarini ishlab chiquvchi kompaniyalar ham cheklovlarga duch keladi. Bu dasturlar Xitoy chip industriyasi uchun asosiy vositalardan hisoblanadi. Shu bois, ularni eksport qilishni cheklash tarmoqqa jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Biroq, vaziyatga oydinlik kiritilishi kutilmoqda. Savdo vazirligi arizalarni alohida ko‘rib chiqishini ma’lum qilgan — bu to‘liq taqiq emasligini anglatadi. Masalan, «Synopsys» rahbari o‘z kompaniyasi hali hech qanday rasmiy xat yoki bildirishnoma olmaganini ma’lum qildi.
Ayni paytda, Xitoydagi soha vakillari o‘z faoliyatlarini odatdagi tartibda davom ettirayotganini bildirmoqda. Singapurda joylashgan «White Oak Capital Partners» sarmoya boshqaruvchisi Nori Chiou fikricha, bu cheklovlar Xitoyning texnologik mustaqilligini tezlashtirishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, dasturlarning noqonuniy nusxalari osonlikcha topiladi va mahalliy YeDA kompaniyalari foyda ko‘radi.
Haqiqatdan ham, «Empyrean Technology» va «Primarius Technologies» kabi Xitoy kompaniyalari aksiyalari 17–20 foizgacha o‘sdi. Shuningdek, «Huawei» kompaniyasi ham 14 nanometr yoki undan yaxshiroq texnologiyalar uchun o‘z YeDA dasturlarini ishlab chiqqanini ma’lum qilgan.
«Synopsys» va «Cadence» kabi AQSH kompaniyalari esa yillik daromadining 12–16 foizini Xitoy bozori hisobiga qoplashadi. Ular uchun Xitoy mijozlaridan ayrilish katta moliyaviy yo‘qotish bo‘lishi mumkin.





