AQSHda Erondagi rejimni almashtirish muhokama qilinmoqda
Vashington Eronga qarshi nuqtaviy zarbalar yoki to‘liq rejim almashuvi variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Qaror Donald Tramp ixtiyorida, deya xabar bermoqda «Reuters».

AQSH ma’muriyati Eronga qarshi ehtimoliy harbiy operatsiyalar ssenariylarini tahlil qilmoqda. 20-fevral kuni «Reuters» ikki amerikalik amaldorga tayanib, muhokama qilinayotgan variantlar orasida rejim vakillariga nisbatan aniq nishonli zarbalar ham, zarur holda rahbariyatni to‘liq almashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli choralar ham borligini yozmoqda. Manbalar barcha qarorlar prezident Donald Trampning siyosiy irodasiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
Agentlik eslatishicha, Tramp birinchi prezidentlik muddatida ham shunday qaror qabul qilgan. 2020 yilda Islom inqilobi muhofizlari korpusi — IIMKning «Quds» kuchlari qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyga qarshi amalga oshirilgan operatsiya shu siyosat namunasi sifatida tilga olinmoqda. «Reuters» bu holatni prezidentning nuqtaviy yo‘q qilish amaliyotiga tayyor ekanining dalili sifatida keltiradi.
Nuqtaviy zarbalar samarasi
Manbalardan biri 2025 yilda Isroil tomonidan o‘tkazilgan «Xalq sher kabi» harbiy operatsiyasini misol keltirgan. Unda kamida 20 nafar yuqori lavozimli eronlik ofitser, jumladan, Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari general-mayor Muhammad Boqiriy halok bo‘lgani aytilgan. Amaldor ta’kidlashicha, «12 kunlik urush va izrail zarbalari bunday yondashuv samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi».
Shu bilan birga, amerikalik amaldor nuqtaviy operatsiyalar katta razvedka resurslarini talab qilishini ogohlantirgan. Aniq shaxsni nishonga olish uchun uning joylashuvi haqida aniq ma’lumot va ehtimoliy oqibatlar bo‘yicha hisob-kitob zarur. Manbaga ko‘ra, AQSH tomonida ehtimoliy nishonlar haqida qanday razvedka ma’lumotlari borligi ma’lum emas.
Qaror va xavflar
«Reuters» ma’lum qilishicha, Oq uy va Pentagon agentlik so‘rovlariga hozircha izoh bermagan. Bu esa muhokama qilinayotgan ssenariylar hali siyosiy qaror bosqichiga o‘tmaganini ko‘rsatadi.
Tahlilchilarning fikricha, rejim almashuvi yoki aniq nishonli zarbalar mintaqada keskin geosiyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli Vashington ehtimoliy qarorlarni harbiy, razvedka va diplomatik jihatdan kompleks baholamoqda. Yakuniy qaror esa prezidentning siyosiy hisob-kitobiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.




