
AQSHda hukumat faoliyati to‘xtashi sababli 1700 ta parvoz bekor qilindi
AQSHda hukumatning yopilishi sababli aviaboshqaruvchilar ish tashladi. 40 ta aeroportda 1700 dan ortiq reys bekor qilindi.

AQSHda hukumat faoliyatining to‘xtashi (shatdaun) mamlakat aviatsiya tizimida katta inqirozga olib keldi. Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) tomonidan 40 ta aeroportda parvozlar soni kamaytirilganidan so‘ng, so‘nggi ikki kunda 1700 dan ziyod reys bekor qilingani ma’lum qilindi. Bu haqda Amerika OAVlari 7-noyabr kuni xabar berdi.
Parvozlar soni kamayishiga qaramay, minglab yo‘lovchilar soatlab kechiktirilgan reyslardan aziyat chekdi. Xususan, 4,3 mingga yaqin reys kechiktirilgan bo‘lib, umumiy kechiktirilgan reyslar soni 7 mingdan oshib ketdi. Ma’muriyatning ta’kidlashicha, bu qaror xavfsizlikni ta’minlash uchun qabul qilingan. Sababi — ish haqi to‘lanmayotgan aviadispetcher va xavfsizlik xodimlarining ishga chiqmasligi.
AQSH transport vaziri Shon Daffining ta’kidlashicha, agar Kongressdagi qarama-qarshiliklar yaqin kunlarda hal etilmasa, parvozlar soni yana 15–20 foizgacha kamayishi mumkin. Bu esa ichki va xalqaro reyslarda yanada ko‘proq bekor qilish va kechikishlarga olib kelishi mumkinligini anglatadi.
Hozirda bekor qilingan reyslar sonidagi kamayish dinamikasi shunday: payshanba kuni 4 foiz, dushanba kuni 6 foiz, seshanbada 8 foiz va juma kuni 10 foizga yetishi kutilayapti. Daffining so‘zlariga ko‘ra, hatto hukumat ishi qayta ochilganda ham, dispetcherlar zudlik bilan ishga qaytishi kutilmayapti.
Bu mojaro avvalroq AQSH transport vaziri tomonidan aytib o‘tilgan edi — ba’zi mintaqalarda havo hududi vaqtincha yopilishi mumkinligi haqida. Shu bilan birga, havoda turli joylarda aylanib yurgan minglab uchoqlar radarlarga tushgani ham keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.





