add

AQSHda hukumat inqirozi chuqurlashmoqda: havo hududi yopilishi mumkin

Bugun 09:183542

AQSHda hukumat faoliyatining to‘xtashi aviatsiya tizimiga ham ta’sir etdi — havo harakati dispetcherlarining ishga chiqmasligi tufayli mamlakat havo hududi yopilishi ehtimoli ortmoqda.

AQSHda hukumat inqirozi chuqurlashmoqda: havo hududi yopilishi mumkin

AQSHda hukumat inqirozi chuqurlashmoqda va bu safar eng katta zarba aviatsiya sohasiga tegdi. Hukumat faoliyati to‘xtagani sababli minglab dispetcherlar ishga chiqmagan va mamlakat osmonida yuzlab samolyotlar aylanib yurgan holda trafik to‘liq nazoratdan chiqmoqda, deb yozadi Turkiyaning Sondakika nashri.

AQSH transport vaziri hukumat faoliyati kelasi hafta ham qayta tiklanmasa, mamlakatning ayrim hududlarida havo hududini vaqtincha yopishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, havo harakati nazorati uchun zarur bo‘lgan kadrlar yetishmayapti, chunki xodimlarning katta qismi ish haqi olmagani uchun ishga chiqishni to‘xtatgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, juma kuni dispetcherlarning 80 foizi ishga kelmagan, 13 mingdan ziyod xodim esa maoshsiz holda ishlab turgan. Bu vaziyat AQSH aviatsiya tizimida keng miqyosli uzilishlarga sabab bo‘lmoqda.

Inqiroz sababi — Kongressdagi demokrat va respublikachi vakillar orasida yangi moliya yili uchun byudjet masalasida kelishuvga erishilmaganidir. Natijada 1 oktyabrdan buyon federal hukumat faoliyati rasman to‘xtab turibdi. AQSH qonunlariga ko‘ra, Kongress yillik byudjetni o‘z vaqtida tasdiqlay olmasa, vaqtinchalik byudjet qabul qilinadi. Biroq bu safar u ham tasdiqlanmagan.

Hukumat xarajatlari uchun vakolatlar to‘xtagani tufayli asosiy bo‘lmagan xizmatlar faoliyati to‘liq to‘xtatildi. Armiya, razvedka, jamoat kasalxonalari va aeroportlardagi xodimlar ishni davom ettirmoqda, ammo ularning ish haqlari yangi byudjet qabul qilinmaguncha to‘lanmaydi.

Hozirgi holat AQSHdagi eng katta davlat boshqaruv inqirozlaridan biri sifatida baholanmoqda. Ekspertlar ta’kidlashicha, agar hukumat faoliyati yaqin kunlarda tiklanmasa, mamlakat transport tizimida katta uzilishlar va iqtisodiy oqibatlar yuz berishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid