
AQSHda migrantlar uchun vaqtincha chodir shaharchalar quriladi
20.07.2025 | 15:0047093
AQSHda noqonuniy muhojirlarni vaqtincha saqlash uchun chodir shaharchalar qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali ularni deportatsiya qilish jarayonini jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

The Wall Street Journal’ning yozishicha, AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) tomonidan tayyorlangan ichki hujjatlarda chodir shaharchalar qurilishi ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Mazkur yondashuv muhojirlarni saqlash imkoniyatlarini kengaytirish va mavjud qamoqxonalar yetishmasligini bartaraf etishga qaratilgan.
Prezident Donald Tramp ma’muriyati 2025 yil oxirigacha 100 minggacha muhojir uchun joy tayyorlashni maqsad qilgan. Iyul oyi boshida Kongress ICE faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 2029 yilgacha mo‘ljallangan 74 milliard dollar mablag‘ ajratgan.
Ichki hujjatlarda qayd etilishicha, birinchi loyiha Texasdagi Fort Bliss harbiy bazasida amalga oshiriladi. Bu yerda 5 ming kishilik chodir shahar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uni avgust oyiga qadar foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.
Shuningdek, Kolorado shtatidagi Xadson axloq tuzatish muassasasida, Indianadagi Atterberi harbiy bazasida va Nyu-Jersidagi MakGuayr-Diks-Leykherst qo‘shma bazasida qo‘shimcha saqlash joylari tashkil etiladi.
ICE hozirda 9 mingdan ziyod muhojirni joylashtirish imkonini beradigan to‘qqizta yangi loyiha ustida ishlamoqda. Amaldorlarning ta’kidlashicha, butun mamlakat bo‘ylab joy izlash o‘rniga, bir necha yirik loyihalar orqali markazlashgan tarzda muhojirlarni saqlash samaraliroq bo‘ladi.
Donald Tramp 2025 yil boshidan noqonuniy migratsiyaga qarshi keng qamrovli kurashni boshlagan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yilning ilk yarmida 1 millionga yaqin muhojir AQSHni tark etgan.





